
Isroilda Netanyahuning G‘azo rejasiga qarshi yirik norozilik namoyishlari boshlandi
10.08.2025 | 15:0013513
Tel-Avivda 100 mingdan ortiq kishi G‘azo urushiga chek qo‘yish va garovdagilarni ozod etishni talab qilmoqda.

Reuters nashrining xabar berishicha, 9 avgust kuni kechasi Tel-Avivda Isroil Bosh vaziri Binyamin Netanyahuning deyarli ikki yildan beri davom etayotgan G‘azo urushida harbiy harakatlarni kuchaytirish rejasiga qarshi yirik namoyish o‘tkazildi. Namoyishchilar urushni to‘xtatish va haligacha G‘azoda garovda saqlanayotgan 50 nafardan ortiq insonni ozod qilishni talab qilmoqda.
Bu qaror arafasida xavfsizlik kabineti G‘azo shahrini egallash va harbiy amaliyotlarni kengaytirishga oid qaror qabul qilgani ma’lum qilindi. Harbiy rahbariyat bunday qadam garovdagilar hayotini xavf ostiga qo‘yishi mumkinligidan ogohlantirgan. So‘rovlar aholining katta qismi harbiy harakatlarni darhol to‘xtatish tarafdori ekanini ko‘rsatmoqda.
Namoyishda garovdagilarning yaqinlari, jumladan, Lishay Miran Lavi ham nutq so‘zlab, AQSH Prezidenti Donald Trampga murojaat qildi va urushni tugatishga yordam berishini so‘radi. Ko‘pchilik ozod etilgan garovdagilar muzokaralar orqali qaytarilgan. Ammo iyuldagi otashkesim muzokaralari natijasiz yakunlandi.
Tel-Avivdagi mitingda qatnashganlar Isroil bayroqlari va garovdagilar suratlari aks etgan plakatlarni ko‘tardi. Bir guruh ishtirokchilar esa G‘azoda halok bo‘lgan bolalar tasvirlarini namoyish qildi. Miting qatnashchilari Netanyahu rejasiga qarshi va Trampdan aralashuv talab qiluvchi shiorlar yozilgan plakatlar ham ko‘tarishgan.





