Isroildagi o‘zbekistonliklar yana ogohlantirildi
Isroilda raketa hujumlari kuchayishi fonida elchixona fuqarolarni xavfsizlik qoidalariga rioya qilishga chaqirdi.

O‘zbekistonning Isroil davlatidagi elchixonasi mamlakat hududida xavfsizlik vaziyati keskinlashgani munosabati bilan u yerda yashayotgan yoki bo‘lib turgan O‘zbekiston fuqarolariga murojaat qildi.
So‘nggi vaqtlarda Isroilning turli hududlarida raketa hujumlari sodir bo‘lib, ayrim hollarda raketa parchalari sabab odamlar jarohat olgani qayd etilmoqda.
Shu munosabat bilan diplomatik vakolatxona barcha fuqarolarni Isroil Front orti qo‘mondonligi tomonidan berilayotgan rasmiy ko‘rsatmalarga qat’iy amal qilishga chaqirdi. Elchixona xavfsizlik choralariga rioya qilish hayotni saqlab qolishda muhim omil ekanini ta’kidlagan.
Xususan, havo hujumi haqida signal berilganda yoki sirena eshitilganda fuqarolar darhol eng yaqin himoyalangan joyga kirishi kerak. Rasmiy idoralar tomonidan ruxsat berilmaguncha bunday panoh joylarni tark etmaslik ham tavsiya etilgan.
Shuningdek, elchixona fuqarolarga rasmiy axborot manbalari va favqulodda ko‘rsatmalarni muntazam kuzatib borishni maslahat bergan. Bu esa vaziyat haqida aniq ma’lumot olish va xavfsizlik choralarini o‘z vaqtida ko‘rish imkonini beradi.
Ma’lum qilinishicha, 9-mart holatiga ko‘ra, Isroildagi O‘zbekiston fuqarolari orasida jarohat olganlar haqida elchixonaga rasmiy ma’lumot kelib tushmagan.
Diplomatik vakolatxona barcha fuqarolarga xavfsizlik qoidalariga amal qilayotgani uchun minnatdorlik bildirib, vaziyat barqarorlashguncha ehtiyotkorlikni saqlashga chaqirgan.
Eslatib o‘tamiz, 28-fevral kuni AQ va Isroil Eronga qarshi havo hujumlarini boshlagan edi. Eron ham bunga javoban Isroil hududlariga va AQSH'ning harbiy bazalari joylashgan boshqa Yaqin Sharq mamlakatlariga havo hujumlarini uyushtirmoqda.





