
Isroilning G‘azoga bergan zarbasida «Al Jazeera» jurnalistlari halok bo‘ldi
11.08.2025 | 13:202934
G‘azo shahrida Shifo shifoxonasi yonidagi jurnalistlar chodiriga berilgan havo zarbasi oqibatida «Al Jazeera» telekanalining besh xodim, jumladan taniqli jurnalist Anas ash-Sharif halok bo‘ldi.

Qatar telekanali ma’lumoticha, 11 avgust kuni amalga oshirilgan hujumda jami yetti kishi nobud bo‘lgan. Ulardan besh nafari telekanal xodimlari — muxbirlar Anas ash-Sharif va Muxammed Kreyke, operatorlar Ibrohim Zaher, Muxammed Nufal hamda Moamen Alivadir. Ash-Sharif urush boshidan beri G‘azodan xabar berib kelayotgan edi.
O‘limidan biroz oldin ash-Sharif «X» sahifasida Isroilning G‘azo shahri sharqiy va janubiy hududlariga kuchli bombardimon boshlagani haqida yozgan. Uning oxirgi videosida orqa fonda raketalar portlashi yangraydi. Shuningdek, u vafot etgan taqdirda e’lon qilinishi uchun so‘nggi maktub qoldirgan, unda haqiqatni buzmasdan yetkazishdan hech qachon qaytmaganini ta’kidlagan.
Isroil mudofaa armiyasi ash-Sharifni «jurnalist niqobi ostida harakat qilgan HAMAS a’zosi» deb atagan va uni raketa hujumlari rejasini ishlab chiqqanlikda ayblagan. «Al Jazeera» bu da’volarni rad etib, jurnalistning o‘limi «Gazoni bosib olish arafasida so‘z erkinligini bo‘g‘ish» deb baholadi. Bir necha oy avval BMT maxsus ma’ruzachisi va jurnalistlar huquqini himoya qiluvchi tashkilotlar Isroilning ayblovlarini asossiz, deb e’lon qilgan edi.
Anas ash-Sharif 2024 yilda «Reuters» jamoasi tarkibida Isroil–Hamas urushi haqidagi fotojurnalistika uchun Pulitser mukofotiga sazovor bo‘lgan edi.
Hamas harakati jurnalistlarning o‘ldirilishini Isroilning yangi keng ko‘lamli hujumiga tayyorgarlik sifatida baholadi. Gazoda 22 oylik urush va ochlik inqirozi davom etar ekan, mahalliy rasmiylar urush boshidan beri 237 nafar jurnalist halok bo‘lganini ma’lum qildi. Jurnalistlarni himoya qilish qo‘mitasi esa bu raqamni kamida 186 deb qayd etdi.
Avvalroq, Isroil harbiy-siyosiy kabineti Binyamin Netanyahuning HAMASni mag‘lub etish uchun G‘azoni to‘liq egallash rejasini ma’qullagani uchun Tel-Avivda minglab odamlarning norozilik namoyishlariga sabab bo‘lganligi haqida xabar bergan edik.





