
Isroilning G‘azoga qarshi urushida halok bo‘lgan falastinliklar soni 65 mingga yaqinlashdi
15.09.2025 | 09:307153
So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, Isroilning uzluksiz aviareydlari va artilleriya zarbalari tufayli halok bo‘lganlar soni 64 ming 871 nafarga yetgan.

2023 yil 7 oktyabridan beri G‘azo sektorida davom etayotgan harbiy harakatlar oqibatida halok bo‘lgan falastinliklar soni 64 ming 871 nafarni tashkil etmoqda. Bu haqda G‘azo sektoridagi Sog‘liqni saqlash vazirligi ma’lum qildi. So‘nggi 24 soat ichidagi bombardimonlarda 68 kishi halok bo‘lgan, 346 nafar fuqaro yaralangan.
18 mart kuni Isroil armiyasi XAMAS bilan 19 yanvarda erishilgan otashkesim kelishuvini buzgan edi. Shundan beri Isroil armiyasi 12 ming 321 falastinlikning joniga zomin bo‘ldi, 52 ming 569 kishi tan jarohati oldi. Xususan, AQSH bilan hamkorlikda tashkil qilingan «yordam tarqatish nuqtalari» yaqinidagi hujumlarda 2494 kishi halok bo‘ldi, 18 ming 135 nafar jabrlandi.
2023 yilning 7 oktyabridan buyon jami yaralanganlar soni 164 610 nafarga yetgani qayd etilmoqda. Vayron bo‘lgan binolar ostida hali ham yuzlab jasadlar qolgan. Rasmiylar qurbonlar soni keskin ortishi mumkinligini taxmin qilmoqda. BMT va xalqaro tashkilotlar yuzaga kelgan humanitar falokatdan jiddiy tashvish bildirmoqda.
Ochlik ham keng ko‘lamli halokatga aylandi. 7 oktyabrdan buyon 422 falastinlik, jumladan 145 nafar bola ochlik va oziq-ovqat yetishmovchiligi sababli halok bo‘lgan. Integratsiyalangan oziq-ovqat xavfsizligi indeksi (IPC) buni eng yuqori — «falokat darajasi» deb baholadi.
BMT hisobotiga ko‘ra, hozirda 500 mingdan ziyod falastinliklar ocharchilik va doimiy xavf ostida hayot kechirmoqda.





