Logo

Issiq suv va issiqlik uchun eski tariflarni saqlash muddati qisqartirildi

Bugun 17:081 daqiqa

Endi ko‘p kvartirali uylarda issiqlik va issiq suv uchun oldindan to‘lov qilgan iste’molchilar eski tariflardan bir yil emas, faqat ikki oy davomida foydalana oladi.

Issiq suv va issiqlik uchun eski tariflarni saqlash muddati qisqartirildi

O‘zbekistonda issiqlik ta’minoti va issiq suv xizmatlari uchun oldindan to‘lov qilinganda amaldagi tariflarni saqlab qolish muddati 12 oydan 60 kunga qisqartirildi. Bu haqda Veolia Energy Tashkent kompaniyasi matbuot xizmati xabar berdi.

Qayd etilishicha, o‘zgarishlar ko‘p kvartirali uylarni issiqlik energiyasi bilan ta’minlash tartibiga kiritilgan o‘zgartirishlar asosida joriy etilmoqda. Mazkur tartib dastlab 2014 yilda Vazirlar Mahkamasi tomonidan tasdiqlangan.

Yangilangan qoidalarga muvofiq, iste’molchi xizmatlar uchun oldindan to‘lov amalga oshirgan taqdirda, o‘sha vaqtdagi tariflar endi bir yil emas, balki 60 kun davomida saqlanadi. Shu muddat ichida tariflar oshirilsa ham, avvaldan to‘langan hajm uchun qo‘shimcha haq undirilmaydi.

Biroq ikki oylik davr yakunlanganidan keyin keyingi hisob-kitoblar faqat amaldagi tariflar bo‘yicha amalga oshiriladi. Ilgari esa oldindan to‘lov qilgan iste’molchilar uchun eski narxlar 12 oy davomida saqlanib qolar edi.

Shunga o‘xshash tartib 2024 yil bahoridan buyon aholi uchun tabiiy gaz va elektr energiyasi bo‘yicha avans to‘lovlarida ham qo‘llanilmoqda. Tadbirkorlar va boshqa nomaishiy iste’molchilar uchun esa tariflarni saqlash muddati bir oy bilan cheklangan.

Teglar

Mavzuga oid