
Issiqlik ta’minoti: tariflar ham, subsidiyalar ham oshadimi?
15.08.2025 | 17:30255310
Toshkentda yana issiq suv va issiqlik ta’minoti narxlari oshishi kutilmoqda. Qizig‘i, tariflar bilan birga subsidiyalash hajmi ham ortmoqda. Holbuki tariflar ko‘tarilgani sari byudjetdan subsidiyalash kamayib borishi kerak edi…

Vaqt.uz jurnalisti narxlar oshishi xronologiyasi, «Veolia Energy Tashkent»dagi ma’lumotlar yopiqligi, shuningdek iqtisodchi va mas’ullarning munosabatini o‘rgandi.
Toshkentda issiq suv va issiqlik ta’minoti xizmatlari tariflarini oshirish rejalashtirilmoqda. «Veolia Energy Tashkent» rahbari Sevara Pardabayeva buni ma’lum qilgan. Unga ko‘ra, 2025 yilning 1 oktyabridan boshlab issiq suv narxlari aholi uchun 15 foiz, yuridik shaxslar uchun 40 foiz, byudjet tashkilotlari uchun esa 19 foizga oshishi mumkin.
Issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun chakana tariflarning joriy va taklif qilingan narxlari:
Ma’lumot uchun, tariflar so‘nggi marta 2024 yilning 15 noyabrida oshgan edi. Ikki to‘lqinda jami 32,2 foizga narxlar ko‘tarilgan.
Bu hali hammasi emas. O‘tgan yilda ham kompaniya yuridik shaxslar uchun tariflarni 50 foizga oshirishni taklif qilgan, biroq bu taklif qabul qilinmasdan, faqatgina 15 foiz oshirish belgilangan.
Iqtisodchi Otabek Bakirov tariflarning navbatdagi marta oshirilishini «iste’molchilarga ham ostida, ham ustida o‘lpon olish» deb hisoblashini aytgan.
Narxlar oshishi xronologiyasi
2023 yil yakuniga ko‘ra, yuridik shaxslar uchun issiqlik ta’minoti xizmatlari tariflari 1,5 barobarga, byudjet tashkilotlari uchun esa 1,6 barobarga oshgan.
2024 yilda poytaxt byudjetidan issiqlik ta’minotini subsidiyalash uchun 1,97 trln so‘m pul ajratilgan. Bu 2023 yil prognoziga nisbatan qariyb 23 foizga (1,6 trln so‘m) ko‘p bo‘lgan.
2025 yilda esa poytaxtning umumiy xarajatlari 9 trln 697 mlrd so‘m bo‘lgan. Shundan issiqlik ta’minotini subsidiyalash hajmi 2,7 trln so‘mga yetgan. Bu degani, jami xarajatlarning to‘rtdan bir qismi faqatgina issiq suv va issiqlik ta’minoti uchun sarflanganini anglatadi. 2024 yilda byudjetdan subsidiyalash nisbatan 37 foizga ko‘paygan.
Tashkilotning bayonotlariga tayansak, 2024 yil fevralda shahar aholisi bazaviy tarifning 14 foizini to‘lagan. O‘sha yili sentyabrda 16 foizi qoplangan. 2025 yil avgustda esa Toshkent shahar aholisi tariflarning 18 foizini to‘lamoqda. Agar narxlar oshsa, bu ko‘rsatkich 20 foizdan ortiq bo‘lishi mumkin.
Aniqroq aytganda, tariflar va subsidiyalash birvarakayiga oshyapti. Iste’molchilar bu xarajatlarni ham cho‘ntagidan, ham solig‘idan to‘laydi.
«Veolia Energy Tashkent»da nega ma’lumotlar yopiq?
Eng qizig‘i, Toshkentdagi issiqlik tarmoqlarining 68 foizi avariya holatida. Sevara Pardaboyevaning aytishicha, har yili avariya holatidagi 474 km to‘r faoliyatdan chiqariladi. «Barcha bu uchastkalar avariya holatida bo‘lsa-da, biz bu yo‘nalishda ish olib bormoqdamiz», — dedi u.
Iqtisodchi Shuhrat Qurbonov esa kompaniyaning («Veolia Energy Tashkent») hisob-kitob tizimi haqida hech qanday ma’lumot yo‘qligini tanqid qildi:
|
Toifa |
Hozirgi narx |
Taklif qilingan narx |
| Aholi uchun |
121 ming 617 so‘m |
139 ming 860 so‘m |
| Yuridik shaxslar uchun |
244 ming 497 so‘m |
342 ming 296 so‘m |
| Byudjet tashkilotlari uchun |
801 ming 993 so‘m |
954 ming 372 so‘m |
«Afsuski, billing (hisob-kitob) tizimi haqida hech qanday narsa aytilmadi. Go‘yoki yagona kommunal kompaniya bo‘lib, u sovuq va issiq suv hisobini birlashtirgan. Ularida iste’molchi uchun yagona balans — isitish va issiq suv bo‘yicha, isitiladigan maydonning metr kvadrati va suvning metr kubi hisobga olinadi. Tabiiyki, iste’molchilar bu balans nima ekanini, qarz qayerdan kelganini va uning nimadan iboratligini tushuna olmaydi. Holbuki, aslida shaffof tizim birinchi navbatda iste’molchidan ham ko‘proq, kompaniyaning o‘ziga kerak», — deydi u.Iqtisodchi Bakirov ham ma’lumotlar yopiqligini savol ostiga oldi:
«30 yilga tuzilgan DXSH bitimi bo‘yicha, energosamaradorlik 50 foizga oshishi kerak edi, gaz sarfi 45 foiz, elektr energiyasi sarfi 25 foiz, suv sarfi 40 foiz qisqarishi, 13,6 trln so‘mlik xarajatlar tejalishi kerak edi. Qani natijalar? Yo bitim tuzildi, guldur-gup bo‘ldimi? Hech kim so‘ramaydimi? Tekshirmaydimi? Shartlar bajarilmayotgan bo‘lsa, bekor qilishsin bitimni?!» — deydi Bakirov.Vaqt.uz jurnalisti ham tashkilotga oid ma’lumotlarni surishtirganda, moliyaviy xarajatlar hamda tushumlar, qarzlar, shaxslarga oid bitimlar haqida ma’lumotlar yo‘qligi ma’lum bo‘ldi. Veolia Energy Tashkent berayotgan raqamlarni o‘zi taftish qilinishi, chuqur audit o‘tkazish va kerak bo‘lsa Moldovadagidek, mustaqil xalqaro audit chaqirish lozimligini iqtisodchi Bakirov blogida yozmoqda. Avvalroq, «Issiqlikta’minoti» raisi Ilhom To‘rayev tariflar 2025 yilda faqatgina bir marta oshirilishini ma’lum qilgan edi. Bu nafaqat issiqlik ta’minoti, balki elektr energiyasi, tabiiy gaz va sovuq suv bilan ham bog‘liq.
«Tariflar yil oxiriga qadar ikki marta oshmasligi aniq. Chunki elektr energiyasi, gaz, sovuq suv hamda ulgurji issiqlik energiyasi tariflari qayta ko‘rib chiqildi. Shundan kelib chiqib, poytaxt kengashining faqat bitta qarori qabul qilinib, narxlar bir marta oshiriladi. Yangi tariflarni belgilash oralig‘i olti oyni tashkil etadi. Agar dastlabki olti oyda narxlar oshmagan bo‘lsa, keyingi yarim yilda tariflar ikki marta oshirilmaydi», — degan edi To‘rayev.Shunga qaramasdan, yangi narxlar xalq deputatlari Toshkent shahar kengashiga kiritilgan. Mahliyo Hamidova tayyorladi.





