add

Issiqxona xo‘jaliklariga soliq imtiyozlari berildi

11.10.2025 | 17:3021813

Prezident farmoniga ko‘ra, issiqxona xo‘jaliklari 2028 yil oxirigacha mavjud soliq qarzini foizsiz to‘lash imkoniga ega bo‘ladi. Shuningdek, ular uchun ijtimoiy soliq stavkasi 3 yilga 1 foiz darajada belgilandi.

Issiqxona xo‘jaliklariga soliq imtiyozlari berildi
O‘zbekiston Prezidenti «Issiqxona xo‘jaliklari faoliyati samaradorligini oshirish va eksport hajmini ko‘paytirishga doir qo‘shimcha chora-tadbirlar to‘g‘risida»gi farmonni imzoladi. Hujjatda issiqxona sohasidagi ishlab chiqarishni barqarorlashtirish va eksportni kengaytirishga qaratilgan bir qator soliq va ma’muriy yengilliklar nazarda tutilgan. Farmonga ko‘ra, 2025 yil 1 oktyabr holatiga mavjud soliq qarzlari muzlatilib, ularni foiz qo‘shilmagan holda 2028 yil yakuniga qadar to‘lash imkoni beriladi. Shuningdek, issiqxona xo‘jaliklari 2026 yil 1 yanvardan boshlab 2028 yil yakunigacha ijtimoiy soliqni faqat 1 foiz stavkada to‘laydi. Bu choralar sohadagi iqtisodiy bosimni yengillatish va ishlab chiqaruvchilarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan. Farmonda belgilangan maqsadlarga ko‘ra, 2026 yilda meva-sabzavot va oziq-ovqat mahsulotlari eksportini 3,5 milliard AQSH dollariga, 2027 yilda esa 4 milliard dollarga yetkazish rejalashtirilgan. Shuningdek, issiqxona xo‘jaliklarini tabiiy gaz bilan kafolatli ta’minlash orqali mahsulot yetishtirish hajmini 2026 yilda 620 ming tonna, 2027 yilda esa 670 ming tonnadan oshirish ko‘zda tutilgan. Bundan tashqari, 2026 yilda qo‘shimcha 20 ming gektar, 2027 yilda 15 ming gektar yer maydonida meva va sabzavot ekish ishlari amalga oshiriladi. Mahsulotlar eksporti ulushi esa 30 foizdan 70 foizgacha oshirilishi rejalashtirilgan. Farmon sohada faoliyat yuritayotgan tadbirkorlarga katta moliyaviy yengillik yaratib, issiqxona xo‘jaliklarining barqaror faoliyat yuritishiga xizmat qilishi kutilmoqda.

Teglar

Mavzuga oid