
Istanbulda namoyishlar: Turkiyadagi o‘zbekistonliklar ogohlantirildi
09.09.2025 | 20:0011802
Fuqarolarga odam gavjum joylardan yiroqda bo‘lish, namoyish o‘tkazilayotgan hududlarga yaqinlashmaslik, mahalliy tartib-qoidalarni qat’iy rioya etish tavsiya etilmoqda.

Turkiyaning Istanbul shahrida namoyishlar kuzatilmoqda. Shu munosabat bilan O‘zbekistonning Istanbul shahridagi Bosh konsulxonasi mazkur davlatda bo‘lib turgan o‘zbekistonliklarni ogohlikka chaqirdi.
Qayd etilishicha, Turkiya hukumati tomonidan xavfsizlik chorasi sifatida 11 sentabrga qadar 6 tumanda, jumladan Beshiktosh tumani hududida (Bosh konsulxona joylashgan), ommaviy tadbirlarga vaqtincha taqiq joriy etilgan. Shuningdek, xorijiy messenjerlardan foydalanishda cheklovlar mavjud.
«Fuqarolarimizga odam gavjum joylardan yiroqda bo‘lish, namoyish o‘tkazilayotgan hududlarga yaqinlashmaslik, mahalliy tartib-qoidalarni qat’iy rioya etish tavsiya etiladi», - deyiladi xabarda.
Turkiyadagi O‘zbekiston fuqarolar favqulodda vaziyatlarda Bosh konsulxonaning quyidagi raqamiga qo‘ng‘iroq qilishi kerakligi aytilgan:
+90 (212) 909 08 04





