Istanbulda o‘ldirilgan dugonalar: Bosh konsullik rasmiy bayonot berdi

Bugun 12:252 daqiqa

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi Sayyora Ergashaliyevaning vafoti bo‘yicha rasmiy munosabat bildirdi. Tergov nazoratga olingani ma’lum qilinmoqda.

Istanbulda o‘ldirilgan dugonalar: Bosh konsullik rasmiy bayonot berdi

Istanbul shahrida yuz bergan qotilliklar yuzasidan O‘zbekiston Respublikasining Bosh konsulligi rasmiy bayonot berdi. Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlaridan olingan dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 1994 yil Namangan viloyatida tug‘ilgan Sayyora Ergashaliyevaning vafot etgani aniqlangan.

Ma’lum qilinishicha, Sayyora Ergashaliyeva avval vafot etgan Durdona Hokimovaning yaqin dugonasi bo‘lgan. Tergov jarayonida gumonlanuvchilar Ergashaliyevaga oid ko‘rsatma berishdan bosh tortgani qayd etilgan.

Dastlabki ma’lumotlarga ko‘ra, 22-yanvar kuni marhumalar va gumonlanuvchilar Istanbulning Fotih tumanidagi restoranda uchrashgan. Uchrashuv davomida Sayyora Bahromjon qizi Ergashaliyeva va G‘ofurjon Akmalxonovich Kamolxo‘jayev o‘rtasida kelishmovchilik kelib chiqqan. Mojaro uning O‘zbekistonga qaytish niyati bilan bog‘liq bo‘lgani taxmin qilinmoqda.

 

Tergov versiyasi

23-yanvar kuni Dilshod Turdimurodov va G‘ofurjon Kamolxo‘jayev o‘zaro til biriktirib, Istanbulning Umraniya tumanida joylashgan kvartirada Sayyora Ergashaliyevaga pichoq bilan hujum qilgani va jasadni bir nechta qismga bo‘lib, Fotih tumanidagi bir nechta chiqindi qutisiga tashlagani bildirilmoqda.

24-yanvar kuni gumonlanuvchilar Sayyora Ergashaliyevaning telefoni orqali uning yaqin dugonasi Durdona Hokimovaga xabar yuborib, uni ham chaqirgani, keyin esa xuddi shu usulda o‘ldirib, jasadni Shishli tumanidagi chiqindi qutilariga tashlagani aytilgan.

Ayrim ommaviy axborot vositalarida S.Ergashaliyevaning jasadi topilgani haqida ma’lumot tarqalgan. Biroq Istanbul sud-tibbiy ekspertizasiga hozircha jasad olib kelinmagani ma’lum qilindi.

 

Konsullik bayonoti

O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi mazkur holatni doimiy nazoratga olgani va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borayotganini bildirdi.

Tergov harakatlari davom etmoqda. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgani, ular aybini tan olgani va hujjatlar sudga taqdim etilgani qayd etildi.

Konsullik marhumalarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi hamda qo‘shimcha ma’lumotlar aniqlashtirilishi bilan jamoatchilik xabardor qilinishi ma’lum qilindi.

Avvalroq Istanbulning Shishli tumanida topilgan ayol jasadi ortidan tergov yanada kengaydi: qamoqa olingan gumondor yana bir o‘zbekistonlik ayolni  o‘ldirib, bo‘laklaganini tan olgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid