Istanbulda o‘ldirilgan o‘zbekistonlik ayolning yaqinlari aybdorlarga o‘lim jazosi berilishini kutyapti
Istanbulda o‘zbekistonlik ikki dugona o‘ldirilib, jasadlarining bo‘laklari chiqindi konteyneriga tashlab ketilgan edi. O‘zbekiston fuqarolari bo‘lgan gumondorlar Dilshod Turdimurodov va G‘ofurjon Kamolxo‘jayev chet elga qochmoqchi bo‘lgan paytda ushlanib, qamoqqa olingan.

Turkiyaning Istanbul shahrida dahshatli qotillikdan so‘ng jasadining bo‘laklari chiqindi konteyneridan topilgan O‘zbekiston fuqarosi Durdona Hakimovaning akasi Eldor Jo‘rayev hamda turkiyalik turmush o‘rtog‘i Erhan Dursun gumonlanuvchilarga eng oliy jazo berilishini so‘ramoqda. Bu haqda ular turk matbuotida qilgan ilk chiqishida so‘z ochdi.
Ma’lumki, gumondorlar – O‘zbekiston fuqarolari Dilshod Turdimurodov va G‘ofurjon Kamolxo‘jayev chet elga qochmoqchi bo‘lgan paytda qo‘lga olinib, qamoqqa olingan. Dilshod Turdimurodov so‘roq vaqtida Hakimova bilan o‘rtasida munosabat bo‘lganini da’vo qilgan.
Ikki farzandning onasi bo‘lgan Hakimovaning akasi Eldor Jo‘rayev hamda uning 38 yoshli turmush o‘rtog‘i Erhan Dursun bu vahshiy jinoyatga keskin norozilik bildirib, gumonlanuvchining da’volarini rad etgan. Oila a’zolari qotillar eng oliy jazoga tortilishini talab qilayotganini ma’lum qildi.
«Qotil tomonidan aytilgan «diniy nikoh», «sevgilisi bo‘lganman» degan gaplar faqat o‘z jinoyatini yengillatish uchun qilingan bayonotlardir, hech qachon bunday holat bo‘lmagan. Ichimdan o‘tganini to‘liq aytib bera olmayapman.
U do‘stlariga «aylanib kelaman», degan ekan. Qo‘shnimiz bilan bir soatdan keyin Bayrampashadagi bir savdo markaziga borishga kelishib qo‘yishgan ekan. Kechqurun soat taxminan 23:00–24:00 atrofida edi, yotishga tayyorlanayotgandik. Bir payt eshik qoqildi. O‘g‘lim yugurib ochdi, men ham chiqdim – 5-6 nafar politsiya xodimi kelgan edi.
Shundan keyin meni bo‘limga olib ketishdi, so‘roq xonasiga kiritishdi. 1-2 soat o‘tib qotillar ham olib kelindi. Ular menga qanday o‘ldirilganini aytmadi, faqat «vafot etgan» deb aytishdi. Boshida ishona olmadim.
Gumonlanuvchilarni faqat so‘roq xonasining oynasi orqasidan ko‘rdim: kirib kelishganda, yo‘lakda yurar ekan, qo‘llari cho‘ntaklarida, juda xotirjam qadam tashlab ketayotgan edi», – dedi Erhan Dursun.
Turmush o‘rtog‘i bilan gumonlanuvchi o‘rtasida munosabat bo‘lgani haqidagi da’volarni rad etgan Erhan Dursun shunday deydi:
«Xotinim meni hech qachon aldamaydi. Men bunga 99 foiz emas, 100 foiz ishonchim komil. Chunki agar aldash niyati bo‘lganida, u yerga o‘g‘lim bilan bormas edi. O‘g‘lim hamma narsani gapira oladigan, odamlar bilan ochiq muloqot qiladigan bola – bunday holat aslo bo‘lmaydi. Hatto kimdir onasiga tegib ketsa ham, bu o‘g‘limni juda bezovta qiladi.
Kimdir unga xabar yozgan, u yoki kurtkasi, yoki telefoni uchun borgan – ikkalasidan biri. U uyga borishi uchun boshqa hech qanday sabab yo‘q. Qayerga borsa ham, menga qayerda ekanini, joylashuvini, kim bilan ekanini doim aytib turardi.
Men adolatga ishonaman. Bunday vahshiy qotillikni sodir etgan shaxsga eng yuqori darajada jazo berilishini istaymiz. Inshaalloh, shunday bo‘ladi. Xotinim u bilan ikki tomonlama muloqotga kirishgan, deb o‘ylamayman. Chunki xotinimning ovozi baland, agar shunday janjal bo‘lganida, uni mahalladagi odamlar bemalol eshitgan bo‘lar edi», – deydi u.
So‘zlarini davom ettirgan Erhan Dursun xotini gumondor bilan O‘zbekistonda tanishganini, gumondorning opasi va qizi qariyb 2 oy ularning uyida yashaganini aytadi.
«Xotinim voqea joyiga avtobusda borgan. O‘g‘limning aytishicha, uyga yaqin bir do‘kon oldida kutib turishgan. Onasi «hozir kelaman», degan. 5 daqiqadan keyin o‘g‘lim soat 14:45 da onasiga qo‘ng‘iroq qiladi, javob bo‘lmaydi. 15:17 da yana qo‘ng‘iroq qiladi, yana javob yo‘q. Yana bir marta qiladi, javob berilmaydi.
Yonidagi shaxs esa o‘g‘limni olib, taksiga o‘tqazgan. Taksichiga Oqsaroy metro bekati oldiga olib borishni aytgan. Taksi o‘sha yerda tushirgan. O‘g‘lim u yerdan uyga piyoda qaytgan. Ehtimol, o‘g‘limni chalg‘itish uchun onasini ichkariga yolg‘iz chaqirishgan», – deydi erkak.
Oilasi katta qayg‘u ichida ekanini va gumonlanuvchilar eng og‘ir jazoni olishi kerakligini aytgan Hakimovaning akasi Eldor Jo‘rayev shunday deydi:
«Ishda edim. Keyin keldim. Keyin oyim bilan adamni olib keldim. Ular ammamnikiga ketishgan edi. So‘ng Toshkentdan uchib keldim. O‘lim jazosi berilishini kutyapmiz. O‘zimizni hali ham yomon his qilyapmiz. Hali ham shokdamiz. Bunaqa bo‘lishini kutmagan edim. Yo‘qotish og‘ir keldi».
Tergov versiyasi
23-yanvar kuni Dilshod Turdimurodov va G‘ofurjon Kamolxo‘jayev o‘zaro til biriktirib, Istanbulning Umraniya tumanida joylashgan kvartirada Sayyora Ergashaliyevaga pichoq bilan hujum qilgani va jasadni bir nechta qismga bo‘lib, Fotih tumanidagi bir nechta chiqindi qutisiga tashlagani bildirilmoqda.
24-yanvar kuni gumonlanuvchilar Sayyora Ergashaliyevaning telefoni orqali uning yaqin dugonasi Durdona Hokimovaga xabar yuborib, uni ham chaqirgani, keyin esa xuddi shu usulda o‘ldirib, jasadni Shishli tumanidagi chiqindi qutilariga tashlagani aytilgan.
Ayrim ommaviy axborot vositalarida S.Ergashaliyevaning jasadi topilgani haqida ma’lumot tarqalgan. Biroq Istanbul sud-tibbiy ekspertizasiga hozircha jasad olib kelinmagani ma’lum qilindi.
Konsullik bayonoti
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulligi mazkur holatni doimiy nazoratga olgani va Turkiya huquqni muhofaza qiluvchi organlari bilan yaqin hamkorlikda ish olib borayotganini bildirdi.
Tergov harakatlari davom etmoqda. Gumonlanuvchilarga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgani, ular aybini tan olgani va hujjatlar sudga taqdim etilgani qayd etildi.
Konsullik marhumalarning oila a’zolari va yaqinlariga chuqur hamdardlik bildirdi hamda qo‘shimcha ma’lumotlar aniqlashtirilishi bilan jamoatchilik xabardor qilinishi ma’lum qilindi.





