
Iste’molchilar huquqini himoya qiluvchi yangi qonun qabul qilindi
01.08.2025 | 11:1523662
O‘zbekistonda iste’molchilarning huquq va manfaatlarini ishonchli himoya qilishga qaratilgan qonun (O‘RQ–1078, 31 iyul 2025 yil) qabul qilindi. Hujjat ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartishlar kiritishni nazarda tutadi.
Qonunga ko‘ra, sotuvchilar oldi-sotdi shartnomasida ko‘rsatilgan majburiyatlarni o‘z vaqtida bajarishga undaydigan normalar joriy etildi. Agar sotuvchi shartnomada belgilangan muddatda tovarni topshirmasa, kechikkan har bir vaqt birligi uchun majburiyat bajarilmagan qismining 0,5 foizi miqdorida penya to‘laydi. Biroq penyaning umumiy summasi tovar bahosidan ortiq bo‘lmasligi shart.
Shuningdek, Ma’muriy javobgarlik to‘g‘risidagi kodeksga ham o‘zgartishlar kiritilib, ichki ishlar organlari xodimi yoki Milliy gvardiya harbiy xizmatchisining qonuniy talablarini bajarmaslik bilan bog‘liq huquqbuzarliklar uchun jazo choralari kuchaytirildi.
Yana bir muhim o‘zgarish sifatida barcha oziq-ovqat mahsulotlarini ishlab chiqarishda faqat yodlangan tuzdan foydalanish majburiy etib belgilandi. Bu aholi sog‘lig‘ini muhofaza qilish va yod yetishmovchiligi oqibatlarini oldini olishga qaratilgan.
Yangi qonun qonun ustuvorligini ta’minlash va iste’molchilarning huquqlarini amaliy himoya qilish imkoniyatlarini kengaytiradi.





