
Istirohat bog‘lari va daraxtzorlar xususiylashtirilmaydi
17.05.2025 | 20:0018533
O‘zbekistonda istirohat bog‘lari, sayilgohlar va daraxtzorlar davlat muhofazasiga olindi. Prezident imzolagan yangi qonunga ko‘ra, bu hududlarni xususiylashtirish, sotish yoki qurilish uchun ajratish mutlaqo taqiqlandi. Bunday holatlar uchun javobgarlik qat’iylashtirildi.

«Yashil makon» loyihasi doirasida amalga oshirilayotgan ekologik islohotlar fonida istirohat bog‘larida noqonuniy qurilishlar va daraxtzorlarni qisqartirish holatlari aniqlandi. Rasmiy ma’lumotlarga ko‘ra, 184 ta bog‘da 944 ta bino-inshoot, 18 ta bog‘da 91 ta noqonuniy qurilma qurilgan. 98 ta bog‘da esa 1248 ta ruxsatsiz attraksion o‘rnatilgan, deb yozadi Oliy Majlis Qonunchilik palatasi deputati Muhammadjon Valiyev.
Bu muammolarga javoban «Adolat» partiyasi saylovoldi dasturida bunday hududlarni sotish va xususiylashtirishni taqiqlashni taklif etgan, Prezident Mirziyoyev esa ushbu tashabbusni 2024 yil 18 noyabrdagi nutqida qo‘llab-quvvatlagan edi.
Qabul qilingan qonunga ko‘ra, davlatga tegishli madaniy-maishiy hududlarni xususiylashtirish, bino qurish yoki yer maydonini qisqartirish mumkin emas. Ushbu me’yorlarga rioya qilinmagan hollarda jinoiy javobgarlik ko‘zda tutilgan.
Qonunda yerdan foydalanish turlari aniq belgilanib, asosiy, shartli va yordamchi toifalarga bo‘lingan. Shuningdek, botanika bog‘lari maxsus muhofaza etiladigan hududlar sifatida e’tirof etildi. Ularda o‘simlik dunyosiga zarar yetkazuvchi faoliyat taqiqlanadi.
Ushbu huquqiy asoslar muhitni muhofaza qilish, havo ifloslanishini kamaytirish va aholi uchun yashil maskanlarni saqlashni ta’minlashga xizmat qiladi. Bu ekologik barqarorlikni ta’minlashda muhim qadam hisoblanadi.





