
IT Park rezidentlariga chet el dasturlari uchun to‘lovlar yengillashadi
18.09.2025 | 19:2017943
O‘zbekistondagi IT Park rezident-kompaniyalari va ularda ishlovchi xorijlik mutaxassislarga chet el platformalaridagi obunalar, reklama va dasturlar uchun onlayn to‘lovni amalga oshirish yengillashadi.

Prezident Shavkat Mirziyoyev 16 sentyabr kuni raqamli texnologiyalarni joriy etish bo‘yicha qarorni imzoladi. Hujjatda IT sohasi kompaniyalarini qo‘llab-quvvatlashga doir bir qator mexanizmlar nazarda tutilgan.
Jumladan, 2024 yil 1 noyabrdan boshlab «Raqamli startaplar» va Markaziy bankning «tartibga solish qumdoni»da qatnashuvchi loyihalar «Raqamli hukumat» tizimining ma’lumotlar platformasidan bir yil bepul foydalanishi mumkin bo‘ladi.
Shuningdek, xorijda yashovchi IT Park rezident-kompaniyalari xodimlari diplomatik vakolatxona orqali JSHSHIR olgach, O‘zbekiston banklarida virtual karta va hisob raqamlarini masofadan turib ocha oladi.
2026 yil 1 yanvardan rezidentlar chet el dasturlari obunalari va reklama uchun korporativ kartalar orqali yiliga 500 ming dollargacha to‘lov amalga oshirishi mumkin bo‘ladi. Reklama faqat 100 mln dan ortiq foydalanuvchiga ega platformada joylashtirilishi kerak. Platformalar ro‘yxatini Hukumatning investitsiya komissiyasi tasdiqlaydi.
Barcha to‘lovlar va ofertalar tashqi savdo E-contract tizimida ro‘yxatdan o‘tkaziladi. Biroq 5000 dollargacha bo‘lgan to‘lovlar bundan mustasno va debitor qarz sifatida hisoblanmaydi.
Bundan tashqari, o‘z dastur mahsulotlari uchun chet eldan obuna to‘lovlar qabul qilish E-contract’ga kiritilmasdan, jamoat ofertasi orqali amalga oshirilishi mumkin.
Zero Risk dasturida qatnashuvchi IT Park kompaniyalariga 12 oygacha ijara xarajatlarini qoplash imkoni beriladi. Bu to‘lov davlat mulki ijara stavkasidan ikki barobar ortiq bo‘lmasligi kerak.





