add

Italiya Apple’ga maxfiylik qoidalarini buzgani uchun 115 mln dollar jarima soldi

Bugun 18:181652 daqiqa

Italiya regulyatori Apple’ni mobil ilovalar bozorida ustun mavqeyini suiiste’mol qilganlikda aybladi.

Italiya Apple’ga maxfiylik qoidalarini buzgani uchun 115 mln dollar jarima soldi

Italiyaning raqobatni himoya qilish organi(AGCM) AQSH texnologik giganti Apple’ni App Store’dagi amaliyotlari uchun 115 million dollar miqdorida jarimaga tortdi. Bu haqda Reuters xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, Apple mobil ilovalar bozorida ustun mavqeini suiiste’mol qilgan. Xususan, App Store orqali uchinchi tomon ilova ishlab chiquvchilari bilan munosabatlarda kompaniya «de-fakto mutlaq ustunlik»ka ega bo‘lgan va Yevropa qoidalariga zid harakat qilgan.

AGCM 2023 yil may oyida tekshiruv boshlagan bo‘lib, unda Apple 2021 yil aprelidan boshlab uchinchi tomon ishlab chiquvchilarni yangi, yanada cheklovchi maxfiylik siyosati orqali kamsitgani ta’kidlangan. Regulyatorga ko‘ra, kompaniya App Tracking Transparency (ATT) mexanizmi orqali ishlab chiquvchilardan reklama maqsadlarida ma’lumot to‘plash uchun alohida rozilik olishni majburiy qilib qo‘ygan.

Italiya idorasi bayonotida aytilishicha, ATT siyosati shartlari bir tomonlama joriy etilgan va Apple’ning biznes hamkorlari manfaatlariga zarar yetkazgan. Shuningdek, regulyator bu mexanizm kompaniya ta’kidlaganidek, maxfiylikni ta’minlash maqsadiga mutanosib emasligini qayd etgan. Ishlab chiquvchilar esa bir xil maqsad uchun qo‘shimcha ravishda yana rozilik so‘rashga majbur bo‘lgan.

Apple esa qarorga qat’iy noroziligini bildirdi. Kompaniya ATT tizimi foydalanuvchilarga ularning faoliyati turli ilovalar va veb-saytlar orqali kuzatilishi yoki yo‘qligini nazorat qilish imkonini berish uchun yaratilganini ta’kidladi. Shuningdek, mazkur qoidalar barcha ishlab chiquvchilarga, jumladan Apple’ning o‘ziga ham bir xil tatbiq etilishini bildirdi.

Kompaniya regulyator qaroridan shikoyat qilishini ma’lum qilib, shaxsiy ma’lumotlarni kuchli himoya qilish borasidagi pozitsiyasini saqlab qolishini ta’kidladi.

Teglar

Mavzuga oid