add

Italiya ayollarni qasddan o‘ldirishni alohida jinoyat sifatida tan oldi

Bugun 16:00782 Daqiqa

Italiya parlamenti ayollarni nafrat asosida qasddan o‘ldirish — femitsidni alohida jinoyat deb tan oldi va bunday jinoyat uchun umrbod qamoq jazosini belgiladi.

Italiya ayollarni qasddan o‘ldirishni alohida jinoyat sifatida tan oldi

Italiya parlamenti femitsid — gender sabablarga ko‘ra ayolni qasddan o‘ldirishni — Jinoyat kodeksiga alohida modda sifatida kiritdi. Yangi qonun tasdiqlanishi orqali bunday jinoyatlar uchun maksimal jazo sifatida umrbod qamoq joriy etildi. Qonun qabul qilinishi mamlakatda ayollarga nisbatan zo‘ravonlikka qarshi kurash borasida muhim qadam sifatida baholanmoqda.

Femitsid masalasi Italiyada bir necha yillardan beri muhokama qilinayotgan edi, ammo 2023 yilda Juliya Chekettinning sobiq sevgilisi tomonidan shafqatsizlik bilan o‘ldirilishi keng jamoatchilikni larzaga keltirdi. 22 yoshli qiz pichoqlab o‘ldirilgan, jasadi esa sumkaga solinib tashlab yuborilgan. Bu fojia mamlakat bo‘ylab minglab insonlarni o‘zgarish talab qilishga undadi.

«Femitsid tasniflanadi, real kontekstda o‘rganiladi va mavjud bo‘ladi. Bunday jinoyatlarni telba muhabbat yoki kuchli rashk tufayli sodir etilgan deb tasvirlash noto‘g‘ri, chunki bu romantik va madaniy jihatdan qabul qilingan iboralardan foydalanish orqali hodisaning asl mohiyatini buzib ko‘rsatishdir», — deya yangi qonunning ahamiyatini tushuntirdi uning mualliflaridan biri, sudya Paola di Nikola.

Italiya politsiyasi ma’lumotlariga ko‘ra, 2024 yilda Italiyada ayollarni o‘ldirish bilan bog‘liq 116 ta holat qayd etilgan, shularning 106 tasi aynan gender sabablari bilan sodir etilgan.

BBC yozishicha, Italiya femitsidni huquqiy jihatdan Jinoyat kodeksida maxsus ta’riflagan Yevropa Ittifoqidagi to‘rtinchi mamlakatga aylandi. Bundan avval Kipr, Malta va Xorvatiya shunday qadamni qo‘ygan edi.

BMTning 2025 yilgi hisobotiga ko‘ra, 2024 yilda dunyo bo‘ylab 83 ming ayol va qiz qasddan o‘ldirilgan. Ularning 60 foizi, ya’ni 50 mingga yaqini o‘z turmush o‘rtog‘i yoki yaqin qarindoshlari qurboni bo‘lgan. Erkaklar o‘ldirilishida esa bu ulush 11 foizni tashkil etgan.

Teglar

Mavzuga oid

Italiya ayollarni qasddan o‘ldirishni alohida jinoyat sifatida tan oldi | Vaqt.uz