add

Italiya bosh vaziri faqat Mirziyoyevning sovg‘asini sotmoqchi bo‘ldimi?

Bugun 11:5511503 daqiqa

Italiya bosh vaziri Jorjia Meloni o‘zining diplomatik sovg‘alarini auksionga qo‘ymoqchi bo‘ldi va bu tashabbus siyosiy bahs mavzusiga aylandi. Sovg‘alar orasida Mirziyoyev bergan olmosli marjonlar, Pokiston bosh vaziri bergan bir qop guruch ham bor.

Italiya bosh vaziri faqat Mirziyoyevning sovg‘asini sotmoqchi bo‘ldimi?

Italiya Bosh vaziri Jorjia Meloni davlat mulkini qonuniy va shaffof boshqarish maqsadida boshqa davlat rahbarlari bergan diplomatik sovg‘alarni auksionga qo‘ymoqchi edi. Uning tashabbusi dastlab oddiy ma’muriy qaror sifatida ko‘rilgandi. Biroq qisqa vaqt ichida ushbu masala ommaviy axborot vositalari orqali siyosiy va diplomatik bahs mavzusiga aylandi.

Italiya qonunchiligiga ko‘ra, bosh vazir yoki hukumat a’zolari xorijiy davlat rahbarlaridan olingan qiymati 300 yevrodan oshadigan sovg‘alarni shaxsiy mulk sifatida saqlab qolish huquqiga ega emas. Bunday sovg‘alar avtomatik ravishda davlat mulki hisoblanadi. Shu sababli, yillar davomida turli xalqaro tashriflar va uchrashuvlar chog‘ida to‘plangan yuzlab diplomatik sovg‘alar Rimdagi hukumat qarorgohi — Palatsso Kijida maxsus xonalarda saqlanib kelgan.

Melonining tashabbusi aynan shu masalani tizimli hal qilishga qaratilgan edi. Ochiq manbalarga ko‘ra, gap 273 ta rasmiy sovg‘adan iborat kolleksiya haqida borgan. Ularning umumiy qiymati taxminan 800 ming yevro deb baholangan.

Sovg‘alar orasida ramziy esdaliklar, milliy liboslar, san’at asarlari, maishiy buyumlar va qimmatbaho zargarlik mahsulotlari mavjud bo‘lgan, deb yozmoqda Politico nashri. Bu yerda muhim jihat shundaki, auksionga qo‘yilishi rejalashtirilgan buyumlar alohida davlat yoki alohida shaxs bilan bog‘liq emas, balki yillar davomida shakllangan umumiy davlat kolleksiyasi edi.

Biroq ayrim OAVlar voqeani soddalashtirib, hatto chalg‘ituvchi sarlavhalar orqali talqin qildi. Ayniqsa, ayrim xorijiy nashrlar go‘yoki Meloni faqat Shavkat Mirziyoyevning Italiyaga 2023 yil yanvar oyidagi tashrifi chog‘ida sovg‘a qilingan zargarlik buyumi — olmos, oltin va setrin kvarsli marjonlarni sotishga qaror qilgandek taassurot uyg‘otdi.

Aslida esa, shu kolleksiyada Argentina prezidenti Xaviyer Miley bergan haykalcha, Pokiston boz vaziri Shahboz Sharif tomonidan sovg‘a tariqasida berilgan bir qop guruch, AQSHning sobiq prezidenti Jo Bayden taqdim etgan chinni buyumlar, Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy bergan iPad va boshqa ko‘plab davlat rahbarlarining sovg‘alari ham bor edi.

Auksionni amalga oshirish uchun Rimda joylashgan «Bertolami Fine Art» auksion uyi tanlangan. Rejaga ko‘ra, savdolardan tushgan mablag‘larning asosiy qismi xayriya tashkilotlariga yo‘naltirilishi, qolgan qismi esa auksion xarajatlarini qoplashga sarflanishi kerak edi. Bu amaliyot xalqaro tajribada uchraydigan, davlat mulkini ijtimoiy foydaga yo‘naltirish usullaridan biri hisoblanadi.

Biroq aynan shu bosqichda loyiha to‘xtab qoldi. Sabab — «Bertolami Fine Art»ga nisbatan arxeologik artefaktlarni noqonuniy aylantirish bilan bog‘liq jinoiy tergov boshlangani haqida OAVda xabarlar tarqalishi bo‘ldi.

Italiya prokuraturasi ushbu kompaniya orqali o‘g‘irlangan madaniy boyliklar boshqa qonuniy auksionlar orqali  «yuvilgan» bo‘lishi mumkinligini tekshirmoqda. Jorjia Meloni devoni tergov sud maxfiyligi doirasida bo‘lgani uchun bu haqda oldindan xabardor bo‘lmaganini bildirdi va xabarlar chiqqan zahoti hamkorlikni bekor qilgan.

Muhim jihat shundaki, mazkur ish bo‘yicha Meloni yoki uning ma’muriyatiga nisbatan hech qanday ayblov ilgari surilmagan. Shu bilan birga, bu voqea davlat tashabbuslarida hamkorlarni tanlashda chuqur tekshiruv naqadar ahamiyatli ekanini ko‘rsatmoqda.

Ma’lumot uchun, Mirziyoyev 6-noyabr kuni Vashingtondagi Oq uyda bo‘lib o‘tgan uchrashuvda AQSH rahbari Donald Trampga ikki ramziy sovg‘a — Samarqanddagi Registon majmuasining miniatyura nusxasi va Trampning o‘zbek tiliga tarjima qilingan «Kelishish san’ati» kitobini sovg‘a qilgan edi.

Teglar

Ruxsora Jovliyeva

Ruxsora JovliyevaMaqolalar soni: 193

Barchasi

Mavzuga oid