
Jahon banki O‘zbekistonda kichik va o‘rta biznesni qo‘llab-quvvatlashga 105 mln dollar ajratadi
Ushbu mablag‘ kredit va grantdan iborat bo‘lib, «Ish o‘rinlarini yaratish va biznesni rivojlantirish uchun moliyalashtirishdan foydalanish» loyihasi doirasida amalga oshiriladi.

Jahon banki O‘zbekistonda mikro, kichik va o‘rta biznesni rivojlantirish uchun 105 mln dollarlik moliyalashtirishni ma’qulladi. Paket 100 mln dollarlik kredit va 5 mln dollarlik grantdan iborat bo‘lib, «Ish o‘rinlarini yaratish va biznesni rivojlantirish uchun moliyalashtirishdan foydalanish» (FINGROW) loyihasi doirasida amalga oshiriladi.
Qayd etilishicha, mazkur loyiha kapital tanqisligiga duch kelayotgan mikro, kichik va o‘rta korxonalarning (MKO‘K) bank kreditlari va xususiy investitsiyalarga kirish imkoniyatlarini kengaytirishga qaratilgan. Jahon bankiga ko‘ra, MKO‘Klar O‘zbekistondagi korxonalarning 90 foizidan ortig‘ini tashkil etib, bandlikning 75 foizini va YAIMning qariyb 55 foizini yaratadi. Shunga qaramay, moliyalashtirishga kirish hali ham cheklangan bo‘lib, kichik korxonalarning atigi 10 foizi, o‘rta korxonalarning 16 foizi kreditga ega.
Bank hisobotiga ko‘ra, MKO‘Klarning kreditlarga bo‘lgan umumiy talabi 13 milliard dollarga baholanadi, moliyalashtirish taqchilligi esa taxminan 6 milliard dollarni tashkil qiladi. Xotin-qizlar rahbarlik qilayotgan korxonalarda cheklovlar yanada kuchli: ularga ajratilgan kreditlar ulushi 14 foizdan oshmaydi.
FINGROW loyihasi Iqtisodiyot va moliya vazirligi huzuridagi Tadbirkorlikni rivojlantirish kompaniyasi orqali amalga oshiriladi. Kompaniyaning sho‘ba tuzilmalari banklar, mikromoliya tashkilotlari va xususiy investorlar bilan hamkorlikda kredit kafolatlari berish va korxonalar kapitaliga investitsiyalarni jalb etishga ko‘maklashadi.
2030 yilga qadar loyiha 7 mingta MKO‘K, jumladan 4,5 mingta ayollar va yoshlar boshchiligidagi korxonaga moliyalashtirishdan foydalanish imkonini yaratishi, 100 mingga yaqin yangi ish o‘rni tashkil etilishi kutilmoqda. Shuningdek, qo‘shimcha 500 mln dollargacha xususiy kapitalni jalb etish rejalashtirilgan.





