Jahon bozorida yangi bosim: XVJ urush oqibatlarini ma’lum qildi

Bugun 09:292 daqiqa

Yaqin Sharqdagi urush global neft ta’minotini qisqartirib, inflatsiyani kuchaytirmoqda va jahon iqtisodiy o‘sishini sekinlashtirishi kutilmoqda.

Jahon bozorida yangi bosim: XVJ urush oqibatlarini ma’lum qildi

Yaqin Sharqda davom etayotgan geosiyosiy keskinlik jahon iqtisodiyotiga jiddiy bosim o‘tkazmoqda. Xalqaro valuta jamg‘armasi rahbari Kristalina Georgiyeva Reuters agentligiga bergan intervyusida bu holat global iqtisodiy barqarorlikka tahdid solayotganini bildirdi.

Tarixdagi eng kuchli uzilish

Uning ta’kidlashicha, Yaqin Sharqdagi urush energiya tashuvchilarning global ta’minotida «tarixdagi eng kuchli uzilish»ni keltirib chiqardi. Xususan, Ho‘rmuz bo‘g‘ozi orqali o‘tadigan neft va gaz hajmi jiddiy qisqargan. Bu bo‘g‘oz orqali dunyo ta’minotining taxminan 20 foizi tashiladi.

Georgiyevaga ko‘ra, Eron tomonidan bo‘g‘ozning amalda to‘silishi natijasida jahon neft ta’minoti allaqachon 13 foizga kamaygan. Isroil, AQSH va Eron o‘rtasida bir oydan ortiq davom etayotgan mojaro bu jarayonni yanada kuchaytirgan.

XVJ hatto mojaro tez orada hal etilgan taqdirda ham global iqtisodiy prognozlarini qayta ko‘rib chiqishga majbur. Jamg‘arma jahon iqtisodiy o‘sishi bo‘yicha ko‘rsatkichlarni pasaytirish, inflatsiya bo‘yicha esa oshirishni rejalashtirmoqda.

Iqtisodiy o‘sish ko‘rsatkichi

«Agar ushbu urush yuz bermaganida, XVJ 2026 yil uchun 3,3 foiz va 2027 yil uchun 3,2 foiz iqtisodiy o‘sish prognozini saqlab qolgan bo‘lar edi. Biroq hozirda barcha yo‘llar narxlar oshishi va iqtisodiyot sekinlashishiga olib bormoqda», deya ta’kidladi Kristalina Georgiyeva.

Shu bilan birga, eng katta zarba energiya resurslarini import qiluvchi kambag‘al mamlakatlarga to‘g‘ri kelmoqda. Ularda aholini qo‘llab-quvvatlash uchun moliyaviy imkoniyatlar cheklangan bo‘lib, narxlarning oshishi ijtimoiy beqarorlik xavfini kuchaytiradi. Shu bilan birga, energiya eksport qiluvchi davlatlar ham infratuzilmaga yetkazilgan zarar tufayli yo‘qotishlarga duch kelmoqda.

Bundan tashqari, urush oziq-ovqat xavfsizligiga ham tahdid solmoqda. O‘g‘itlar ta’minotida uzilishlar yuz bersa, global oziq-ovqat inqirozi xavfi paydo bo‘lishi mumkin.

Teglar

Mavzuga oid