add

Jahonda neft narxi AQSH-Xitoy savdo muzokaralari ortidan o‘sa boshladi

12.05.2025 | 20:5339913

AQSH va Xitoy o‘rtasidagi savdo muzokaralari bo‘yicha ijobiy xabarlar jahon bozorida neft narxlarining oshishiga turtki berdi. Brent va WTI bir kunda 1 foizdan ziyodroqqa qimmatlashdi.

Jahonda neft narxi AQSH-Xitoy savdo muzokaralari ortidan o‘sa boshladi
Dushanba kuni Brent va WTI markasidagi neft fyucherslari qimmatlashdi. Bu AQSH va Xitoy o‘rtasidagi bojxona muzokaralari bo‘yicha ijobiy yangiliklar ortidan yuz berdi, deb yozmoqda Reuters. Brent narxi 1,28 foizga o‘sib, bir barreli uchun 64,73 AQSH dollarini tashkil qildi. WTI esa 1,39 foizga ko‘tarilib, 61,87 dollarga yetdi. O‘tgan hafta ham ikki marka 4 foizdan ko‘proqga qimmatlashgan edi. Unda AQSH va Buyuk Britaniya o‘rtasidagi savdo kelishuvi ushbu o‘sishni qo‘llab-quvvatlagan. Yakshanba kuni AQSH va Xitoy Shveysariyada o‘tkazilgan muzokaralarni yakunlab, kelishuvga yaqinlashish haqida ma’lum qildi. Vashington savdo taqchilligini kamaytirishga yordam beradigan kelishuv kutilayotganini aytgan. Pekin esa muhim kelishuvlarga erishilganini bildirdi. Fujitomi Securities tahlilchisi Toshitaka Tajavaning Reuters’ga bildirishicha, muzokaralardagi ildamlashish investorlar kayfiyatini yaxshiladi. Biroq OPEC+ning ishlab chiqarishni oshirish rejalari bu o‘sishni cheklashi mumkin. OPEC+ iyunda ishlab chiqarishni oshirishini e’lon qildi. Reuters manbalariga ko‘ra, alyans noyabrgacha kunlik 2,2 mln barrel darajasiga qaytishni rejalashtirmoqda. Baker Hughes ma’lumotiga ko‘ra, AQSHda burg‘ilash quvurlari soni ketma-ket uch haftadan buyon kamaymoqda. Bu ko‘rsatkich yanvardan beri eng past darajaga tushgan.  

Teglar

Mavzuga oid