
Jahonda yangi dollarlar muomalaga kiritilmoqda: u polimerdan yasalgan
Fiji prezidenti mamlakat milliy valyutasining yangi dizaynini rasman taqdim etdi, yangi polimer dollarlar 2026 yil 2-yanvardan muomalaga kiritilishi ma’lum qilindi.

Dollar odatda AQSH valyutasi sifatida qabul qilinsa-da, dunyoda bir nechta davlatlar ham o‘z milliy pul birligini «dollar» deb ataydi. Ana shunday mamlakatlardan biri — Janubiy G‘arbiy Tinch okeanida joylashgan Fiji Respublikasi. Mazkur orol davlati yaqinda o‘z banknotalarining tubdan yangilangan seriyasini namoyish qildi.
Rasmiy marosim poytaxt Suva shahrida Fidji prezidenti va hukumat a’zolari ishtirokida o‘tdi. The Fiji Times nashri yozishicha, yangi seriya 5, 10, 20, 50 va 100 fiji dollari nominallarini o‘z ichiga oladi. Yangi banknotalarning dizayni mamlakatning tabiiy, madaniy va tarixiy merosini aks ettirishga qaratilgan.
Shuningdek, banknotalarda dengiz toshbaqalari, mangr o‘rmonlari, mahalliy jamoa vakillari portretlari hamda Fijining ramziy inshootlari tasvirlangan. Dizayn yangilanishi bilan birga, kupyuralar zamonaviy himoya elementlari bilan mustahkamlangan. Bu esa pullarni qalbakilashtirish muammosining oldini olishga xizmat qiladi.
Fiji Markaziy bankining ma’lumoticha, yangi polimer banknotalar ilk bor 2026 yil 2-yanvarda muomalaga chiqadi. Polimer asosdagi kupyuralar an’anaviy qog‘oz banknotalarga nisbatan chidamliroq bo‘lib, namlik va yuqori harorat sharoitida ham yaxshiroq saqlanadi.
Eski pullar esa bosqichma-bosqich muomaladan chiqariladi. Regulyatorning taxminiga ko‘ra, 2026 yil oxiriga kelib Fijining mavjud banknotalar seriyasi to‘liq yangilari bilan almashadi. Mamlakat aholisi — taxminan 940 ming kishi asosan ikkita yirik orolda, Viti-Levu va Vanua-Levuda yashaydi.
Darvoqe, 1 Fiji dollari kursi 5311 so‘mga teng.





