add

Jaloliddin Ahmadaliyevning Rossiyadagi konsertiga Rosgvardiya bostirib kirganiga munosabat berildi

25.09.2025 | 18:4138025

Rossiyada o‘zbek xonandasi konserti vaqtida reyd o‘tkazildi. Unda Rossiyada bo‘lish qoidasini buzgan 8 nafar o‘zbekistonlik aniqlangan.

Jaloliddin Ahmadaliyevning Rossiyadagi konsertiga Rosgvardiya bostirib kirganiga munosabat berildi
Rossiyaning Krasnoyarsk o‘lkasi Yemelyanovskiy tumanida huquq-tartibot idoralari xodimlari “Korona” banket zalida uyushtirilayotgan o‘zbekistonlik xonanda Jaloliddin Ahmadaliyevning konsertga bostirib kirib, migrantlarni tintuv qilgani haqida xabar berilgandi. 22 sentyabr kuni Krasnoyarsk o‘lkasining Yemelyanovo rayonida joylashgan «Korona» banket zalida o‘zbek xonandasi Jaloliddin Ahmadaliyev konserti vaqtida huquqni muhofaza qiluvchi organlar reyd uyushtirgani haqida xabar bergandik. O‘zbekistonning Novosibirsk shahridagi Bosh konsulxonasi holat yuzasidan izoh berdi. Qayd etilishicha, o‘sha kungi tekshiruv davomida O‘zbekistonning 8 nafar fuqarosi RFda bo‘lish qoidalarini buzgani aniqlangan. Ulardan 4 nafariga nisbatan ma’muriy jarima va ma’muriy chiqarib yuborish choralari qo‘llangan, qolgan 4 nafari esa Krasnoyarsk o‘lkasidagi chet el fuqarolarini vaqtincha saqlash markaziga joylashtirilgan. «Novosibirsk shahridagi O‘zbekistonning Bosh konsulxonasi tezkor tarzda ushbu fuqarolarga zaruriy huquqiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha choralar ko‘rmoqda. Shuni ta’kidlash lozimki, mazkur fuqarolar ushbu binoda o‘zbek estradasi xonandalaridan biri konsert bergani munosabati bilan bo‘lgan. Mazkur konsert Krasnoyarsk o‘lkasining tegishli tashkilot va idoralari bilan belgilangan tartibda kelishilmagan bo‘lib, aynan shu holat mazkur voqeaga sabab bo‘lgan», - deyiladi xabarda. Konsullikka ko‘ra, Krasnoyarskdagi konsert Rossiya fuqaroligiga ega bo‘lgan shaxslar tomonidan shaxsiy tartibda tashkil etilgan hamda bunday tadbirlar uchun maxsus jihozlanmagan binoda o‘tkazilgan. Shu bilan birga, Bosh konsulxona fikricha, Krasnoyarsk o‘lkasida huquqni muhofaza qiluvchi organlar tomonidan o‘tkazilayotgan bunday reydlar huquqiy asosga ega bo‘lishi va madaniy hordiq chiqarishga to‘sqinlik qilmasligi lozim. Novosibirsk shahridagi O‘zbekiston bosh konsulxonasi mazkur Rossiya mintaqasi kuch tuzilmalari harakatlariga huquqiy baho berish maqsadida barcha zarur hujjatlarni Krasnoyarsk o‘lkasining huquqni muhofaza qiluvchi organlariga taqdim etgan. Ma’lumot uchun, iyun oyida Rossiya xavfsizlik kuchlari Moskvadagi yotoqxonada migrantlarga qarshi reyd o‘tkazgandi. Odamlarni qo‘lga olishda jismoniy kuch ishlatilgan, O‘zbekiston Vazirlar Mahkamasi huzuridagi Migratsiya agentligi bundan taassufda ekanini bildirib, Rossiya huquq-tartibot idoralaridan rasmiy ma’lumot kutayotganini ma’lum qilgan.

Teglar

Mavzuga oid