Jamiyatda faol deb topilgan fuqarolarga avtokredit xarajatlarning bir qismi qoplab berilishi mumkin

19.02.2026 | 18:402 daqiqa

2026 yildan O‘zbekistonda jamiyat hayotida faol ishtirok etgan fuqarolar uchun ball to‘plash va uni imtiyozlarga almashtirish tartibi joriy etiladi.

Jamiyatda faol deb topilgan fuqarolarga avtokredit xarajatlarning bir qismi qoplab berilishi mumkin

O‘zbekistonda 2026 yil 1-apreldan jamiyatda faol ishtirok etgan fuqarolarga avtokredit, oliy ta’lim shartnoma to‘lovi va davlat xizmatlarida chegirmalar berish mexanizmi ishga tushiriladi. Bu tashabbus 16-fevraldagi prezident farmoni bilan tasdiqlangan 2026 yilga mo‘ljallangan islohotlar dasturida belgilangan.

Yangi tartib «Jamiyatdagi faollikni rag‘batlantirish» loyihasi doirasida amalga oshiriladi. Unga ko‘ra, ekologik aksiyalar, ijtimoiy himoya tadbirlari va mahalla faoliyatida qatnashgan fuqarolar maxsus ballar tizimi orqali rag‘batlantiriladi.

Loyiha «Time banking» tamoyili asosida ishlaydi. Ya’ni, fuqarolar jamoat ishlariga sarflagan soatlari ballarga aylantiriladi, ular jamg‘arilib, keyinchalik imtiyozlarga almashtiriladi. Bu orqali 350 ming nafargacha aholini jamiyat muammolarini hal etishga jalb qilish, bajarilgan ishlar hajmini esa 1–1,5 million soatgacha yetkazish rejalashtirilgan.

Faol fuqarolar «Yashil makon» va boshqa ekologik loyihalarda ishtirok etish, yolg‘iz keksalar va nogironligi bo‘lgan shaxslarga yordam berish, mahallalarda mediatorlik qilish, hasharlarda qatnashish, yoshlarni bepul til va kasbga o‘qitish kabi yo‘nalishlarda faollik ko‘rsatishi mumkin.

«Jamiyatdagi faol fuqaro» deb e’tirof etilgan shaxslarga davlat xizmatlari uchun 10 foizgacha chegirma, oliy ta’lim shartnoma to‘lovining 5 foizgacha qismi va avtomashina xaridi uchun kreditning 3 foizgacha qismi qoplab beriladi.

Mazkur amaliyot ijrosi O‘zbekiston mahallalari uyushmasi, Ijtimoiy himoya milliy agentligi, Yoshlar ishlari agentligi hamda Ekologiya va iqlim o‘zgarishi milliy qo‘mitasi zimmasiga yuklatilgan.

Teglar

Mavzuga oid