
Jamiyatda faol deb topilgan fuqarolarga bir qator imtiyozlar beriladi
O‘zbekistonda jamiyat hayotida faol ishtirok etgan fuqarolar maxsus tizim orqali aniqlanib, davlat xizmatlari, ta’lim va avtokreditlar bo‘yicha imtiyozlar berish amaliyoti joriy etiladi.

O‘zbekistonda jamiyatda faol bo‘lgan fuqarolarni qo‘llab-quvvatlashga qaratilgan yangi rag‘batlantirish mexanizmi joriy etiladi. Bu prezident farmoni loyihasida nazarda tutilgan bo‘lib, tashabbus «Jamiyatdagi faollikni rag‘batlantirish» loyihasi doirasida amalga oshiriladi. Loyiha fuqarolarning jamiyat oldidagi dolzarb masalalarni hal etishdagi ishtirokini kengaytirish va ularning ijtimoiy rolini oshirishni maqsad qiladi.
Hujjatga ko‘ra, jamiyat hayotida faol bo‘lgan fuqarolarga davlat xizmatlaridan foydalanishda chegirmalar berish, oliy ta’lim va avtomashina xaridi bilan bog‘liq xarajatlarni qisman qoplab berish amaliyoti yo‘lga qo‘yiladi.
Faollik yo‘nalishlari
Loyiha doirasida rag‘batlantirishga sabab bo‘ladigan faollik yo‘nalishlari aniq belgilab qo‘yilgan. Jumladan, «yashil makon» va boshqa ekologik loyihalarda ishtirok etish, yolg‘iz nafaqadagi keksalar va nogironligi bo‘lgan fuqarolarga g‘amxo‘rlik qilish shular jumlasidan. Shuningdek, mahalla fuqarolar yig‘inlarida nizoli oilalar masalasini hal etishda jamoatchi mediator sifatida qatnashish, jamoatchilik hasharlarida va mahallaning infratuzilmaviy muammolarini hal etishda faol ishtirok etish ham hisobga olinadi. Bundan tashqari, fuqarolarning mahallalarda yoshlarni til va kasblarga bepul o‘qitish kabi tashabbuslari ham qo‘llab-quvvatlanadi.
Ballar va imtiyozlar
Jamiyatdagi faol fuqarolarni aniqlashda ularning faollikka sarflagan soatlari ballar tizimiga konvertatsiya qilinadi. Ballar jamg‘arib boriladi va Time banking tamoyili asosida baholanadi. Ushbu tizim orqali 350 ming nafargacha fuqaroni jamiyatdagi masalalarni hal etish ishlariga jalb qilish rejalashtirilgan.
«Jamiyatdagi faol fuqaro» deb topilgan shaxslarga davlat xizmatlarini ko‘rsatishda 10 foizgacha chegirma, oliy ta’lim tashkilotlarida kontrakt to‘lovining 5 foizigacha qoplab berish hamda avtomashina xaridi uchun kreditlarning 3 foiz qismini qoplab berish imkoniyatlari yaratiladi.





