add

Janubiy Koreya o‘zbekistonliklarga viza berishni to‘xtatishi mumkin

26.01.2026 | 22:472 daqiqa

O‘zbekistonning Janubiy Koreyadagi elchisiga ko‘ra, hozirgi holatda 9 foiz fuqarolar nolegal. Agar bu 10 foizga chiqsa, Koreya Adliya vazirligi tomonidan viza berish to‘xtatiladi.

Janubiy Koreya o‘zbekistonliklarga viza berishni to‘xtatishi mumkin© Фото: ru.pinterest.com

Janubiy Koreyada nolegal statusdagi o‘zbekistonliklar sonining oshib ketgani sabab Koreya hukumati viza berishni to‘xtatib qo‘yishi mumkin. Bu haqda O‘zbekistonning Koreyadagi elchisi Alisher Abdusalomov 17-yanvar kuni tadbirkorlarning hukumat a’zolari va elchilar bilan uchrashuvida ma’lum qildi.

Elchining so‘zlariga ko‘ra, Janubiy Koreyaga ishchilarni yuborish faqat Migratsiya agentligi orqali amalga oshiriladi, xususiy bandlik tashkilotlarida bunday vakolat yo‘q.

«Borgan ishchilarimizning yuborilgan joydan boshqa yerga nolegal bo‘lib o‘tib ketish holatlari juda ham ko‘p. Hozirgi holatda 9 foiz fuqarolarimiz nolegal. Agar bu 10 foizga chiqsa, Koreya Adliya vazirligi tomonidan viza berish umuman to‘xtatiladi», - dedi u.

Elchining ta’kidlashicha, ta’lim olish maqsadida borganlarning ham bir qismi o‘qishni tashlab, noqonuniy tarzda ishlashga chiqib ketgan.

«Muammo migratsiya bilan birga, ta’lim sohasiga ham tegishli. Til kurslari yoki universitetlarga borayotgan yoshlarimiz ishlash uchun o‘qishidan ketyapti va nolegal statusga chiqib qolyapti. Bu narsa O‘zbekistonning imijiga ta’sir qiladi, albatta. Shuningdek, tartibli migratsiyani amalga oshirishga ham to‘sqinlik qiladi. Koreya kompaniyalarida migrantlarimiz to‘g‘risida fikr boshqacha shakllanadi. Masalan, bir kompaniya qishloq xo‘jaligi sohasiga vatandoshlarimizdan ishchilar olib keldi. Keyin ular qochib yoki boshqa joyga nolegal statusga o‘tib ketsa, kompaniya hosilini yo‘qotib, zarar ko‘radi. Kelasi yili o‘zbekistonlik ishchilarni olib kelishni xohlamaydi», - degan Abdusalomov.

Uning qo‘shimcha qilishicha, hozirda Janubiy Koreyada 100 ming o‘zbekistonlik istiqomat qilyapti va elchixona ularga yordam ko‘rsatishga tayyor.

Teglar

Mavzuga oid