
Janubiy Koreya sobiq birinchi xonimi qamoqqa hukm qilindi
Sud qaroriga ko‘ra, Kim Gon Xi diniy tuzilmadan pora sifatida olingan sovg‘alar uchun ozodlikdan mahrum etildi.

Janubiy Koreya sudi mamlakatning sobiq prezidenti Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Gon Xini poraxo‘rlikda aybdor deb topib, 1 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qildi. Sud qarorga ko‘ra, u diniy tashkilot bilan aloqalar orqali ta’sir o‘tkazish evaziga qimmatbaho sovg‘alar olgan.
Birinchi xonimga qo‘yilgan ayblov
Tergov va sud materiallarida qayd etilishicha, Kim Gon Xi cherkov vakillaridan ikki dona Chanel sumkasi hamda olmos marjonni homiylik va ta’sir ko‘rsatish maqsadida qabul qilgan. Sud bu harakatlarni pora olish sifatida baholagan va shu bo‘yicha uni aybdor deb topgan.
Tasdig‘ini topmagan ayblovlar
Shu bilan birga, u aksiyalar bilan bog‘liq firibgarlik hamda «Siyosiy mablag‘lar to‘g‘risida»gi qonunni buzish ayblovlari yuzasidan oqlangan. Xususan, Kim Gon Xi BMW’ning Janubiy Koreyadagi rasmiy dileri bo‘lgan Deutsch Motors kompaniyasi aksiyalari narxini sun’iy oshirish sxemasida ishtirok etgani gumon qilingan edi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, mazkur sxema orqali u taxminan 800 million von, ya’ni 578 ming AQSH dollariga teng daromad olgan bo‘lishi mumkin. Ammo sud bu epizod bo‘yicha ayblovlarni yetarli dalillar bilan isbotlanmagan deb topdi.
Ayblovlar uning turmush o‘rtog‘i prezident bo‘lishidan avvalgi davrga to‘g‘ri kelishi aytilgan bo‘lsa-da, bu holatlar Yun Sok Yolning butun prezidentlik davri davomida jamoatchilikda katta shubhalarga sabab bo‘lgan. Shuningdek, Kim Gon Xi 2022 yildagi qo‘shimcha parlament saylovlari bilan bog‘liq moliyaviy qonunbuzarliklar bo‘yicha ham tekshirilgan.
Kim Gon Xi 2025 yil avgust oyida hibsga olingan. U va Yun Sok Yol Janubiy Koreya tarixida bir vaqtning o‘zida qamoqda bo‘lgan ilk prezidentlik juftligi sifatida qayd etilgan.
Sobiq prezidentga o‘qilgan hukm
Eslatib o‘tamiz, 2026 yil 16-yanvar kuni Janubiy Koreya sobiq prezidenti Yun Sok Yol besh yillik qamoq jazosiga hukm qilingan edi. Sud materiallariga ko‘ra, Yun Sok Yol 2024 yil dekabr oyida mamlakatda qisqa muddatli harbiy holat joriy etish orqali vakolatlarini suiiste’mol qilgan.
Aynan shu ish doirasida sobiq bosh vazir Xan Dok Sun 23 yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.




