
Janubiy Koreya sobiq prezidentiga hokimiyatni egallash aybi qo‘yildi
Janubiy Koreya prokuraturasi eks-prezident Yun Suk Yolni KXDRni qasddan qo‘zg‘atib, harbiy holat joriy etish orqali hokimiyatni egallashga urinishda ayblamoqda.

Janubiy Koreyaning impichment e’lon qilingan sobiq prezidenti Yun Suk Yol KXDRga qarshi provokatsiya uyushtirish orqali harbiy holat joriy etish va hokimiyatning barcha tarmoqlarini o‘z qo‘liga olishga uringan. Bu haqda ishni olib borayotgan maxsus prokuror Cho Uk Suk ma’lum qildi.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Yun Suk Yol va uning atrofidagilar 2024 yil oktabrida KXDR hududiga uchuvchisiz uchish apparatlarini yo‘llash orqali Pyongyang tomonidan harbiy javob qaytarilishiga umid qilgan. Bu esa mamlakatda harbiy holat e’lon qilish uchun asos bo‘lishi kerak edi. Biroq KXDR harbiy tuzilmalari jangovor shaylikka keltirilganiga qaramay, to‘g‘ridan to‘g‘ri harbiy javob qaytarmadi.
Prokuratura Yun Suk Yol armiyani safarbar etish orqali qonun chiqaruvchi va sud hokimiyatini ham nazorat ostiga olishni maqsad qilgan, deb hisoblamoqda. Maxsus prokurorga ko‘ra, ushbu reja amalga oshmagani KXDRning harbiy javob bermagani bilan bog‘liq.
2024 yil 3-dekabrda Yun Suk Yol millatga murojaatida harbiy holat joriy etilganini e’lon qilib, bu qarorni «Shimoliy Koreyaga moyil aksildavlat kuchlariga qarshi kurash» bilan izohlagan edi. U muxolifatdagi «Toburo» partiyasini davlatga xiyonat qilish va isyon tayyorlashda ayblagan.
Shundan so‘ng Milliy Assambleya prezident qarorini bekor qildi va Yun Suk Yol lavozimidan chetlatildi. Keyin unga nisbatan davlatga xiyonat, hokimiyatni suiiste’mol qilish, isyonga rahbarlik qilish, hibsga olishga qarshilik ko‘rsatish hamda hukumat a’zolarining huquqlarini buzish bo‘yicha jinoiy ish ochildi.
2025 yil iyul oyidan beri Yun Suk Yol hibsda saqlanmoqda. Undan ikki oy oldin «Toburo» partiyasi nomzodi Li Je Myung muddatidan avval o‘tkazilgan prezidentlik saylovlarida g‘alaba qozongan edi.





