Janubiy Koreya sobiq prezidentiga so‘nggi hukm o‘qildi
Seul sudi sobiq prezident Yun Sok Yolni noqonuniy harbiy holat orqali isyonga rahbarlik qilganlikda aybdor deb topib, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi.

Janubiy Koreyaning Seul markaziy tuman sudi sobiq prezident Yun Sok Yolni 2024 yil dekabrida harbiy holat joriy etish orqali isyonga rahbarlik qilganlikda aybdor deb topib, umrbod qamoq jazosiga hukm qildi. Sud qarori mamlakat siyosiy hayotida so‘nggi yillardagi eng keskin voqealardan biri sifatida baholanmoqda.
Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, Yun Sok Yol parlament a’zolarining uning farmoniga qarshi ovoz berishini to‘sish maqsadida Milliy assambleya binosi atrofiga qo‘shin va politsiya kuchlarini yuborgan. Shuningdek, parlament spikeri hamda hukmron va muxolifat partiyalari yetakchilarini hibsga olishni tashkil etganlikda ayblangan.
Ayblov xulosasi
Ayblov xulosasida ta’kidlanishicha, u sobiq mudofaa vaziri Kim Yon Xyon va boshqa mansabdorlar bilan til biriktirib, mamlakatda urush yoki favqulodda vaziyat mavjud bo‘lmagan sharoitda noqonuniy ravishda harbiy holat e’lon qilgan. Maxsus prokurorlar guruhi unga nisbatan o‘lim jazosini talab qilgan, ammo mamlakatda 1997 yildan beri bu jazo amalda qo‘llanilmaydi.
Sud jarayonida 65 yoshli Yun ayblovlarni rad etib, prezidentning favqulodda holat joriy etish bo‘yicha konstitutsiyaviy vakolati isyon deb baholanmasligi kerakligini bildirdi. U o‘z harakatlarini davlat xavfsizligi va konstitutsiyaviy tuzumni himoya qilishga qaratilgan chora sifatida izohladi.
Noqonuniy harbiy holat tashkil etishga aloqodor shaxslar
Avvalroq, 2025 yil yanvar oyida Yun hibsga olishga qarshilik ko‘rsatgani uchun besh yilga qamalgan edi. Shu oyda sobiq bosh vazir Xan Dok Su 23 yilga, fevralda esa ichki ishlar vaziri Li San Min yetti yilga ozodlikdan mahrum etilgan edi.
Yun Sok Yolning rafiqasi Kim Kyon Hini poraxo‘rlikda aybdor deb topib, 1 yil 8 oy muddatga ozodlikdan mahrum etishga hukm qildi. Sud qarorga ko‘ra, u diniy tashkilot bilan aloqalar orqali ta’sir o‘tkazish evaziga qimmatbaho sovg‘alar olgan.
2024 yil dekabrda e’lon qilingan harbiy holat parlament qarori bilan bekor qilingan, keyinchalik Janubiy Koreya Konstitutsiyaviy sudi prezident impichmentini tasdiqlagan. 2025 yil iyunda bo‘lib o‘tgan muddatidan oldingi saylovlarda muxolifatdagi Demokratik partiya yetakchisi Li Chje Myon g‘alaba qozondi.




