
Janubiy Koreyaning yangi prezidenti Li Je Myong mamlakatdagi «jarohatlarni davolash»ga va’da berdi
04.06.2025 | 16:007253
Janubiy Koreyaning yangi prezidenti Li Je Myong lavozimga kirishgach, mamlakatda siyosiy beqarorlik va iqtisodiy tanglikka barham berish, shuningdek, KXDR bilan muloqotni tiklashga va’da berdi.

Seuldagi Milliy Assambleya binosida 4 iyun kuni rasman qasamyod qilgan Li Je Myong birinchi nutqida mamlakatda «inqirozdan qaytish»ga va Koreya yarimorolida tinchlikni ta’minlashga va’da berdi. U muxolifatdagi Liberal Demokratik partiya vakili sifatida muxolif sobiq prezident Yun Sok Yol o‘rnini egalladi.
Ma’lumot uchun, Yun Sok Yol o‘tgan yili davlat xavfsizligi bahonasida qisqa muddatli harbiy holat joriy qilgani uchun vazifasidan chetlatilgan edi. Shu davrda mamlakatda vaqtincha hukumat faoliyat yuritgan va AQSH bilan tarif masalasida kelishuvga erisha olmagan.
Prezident Li nutqida AQSH bilan savdo kelishuvlarini qayta yo‘lga qo‘yish, turmush xarajatlarini yengillashtirish, o‘rta va past daromadli oilalarga ko‘mak berish muhimligini qayd etdi. Uning ta’kidlashicha, mamlakat eksporti uchun «ta’minot zanjirlari qayta qurilayotgani va proteksionizm kuchayishi» jiddiy tahdid solmoqda.
Tashqi siyosatga to‘xtalar ekan, Li KXDR bilan yadroviy tahdidlarga barham berish va ochiq muloqotni yo‘lga qo‘yishni maqsad qilib qo‘ydi. «Qanchalik qimmat bo‘lmasin, tinchlik urushdan yaxshiroq», — dedi u.
Qo‘shma Shtatlar tomonidan Janubiy Koreya temir mahsulotlariga 50 foizlik boj joriy etilgan bo‘lsa-da, Trampning «Ozodlik kuni» nomli 25 foizlik tariflari hozircha muzlatilgan holda qolmoqda.
Prezident Li navbatdan tashqari saylovda 49,4 foiz ovoz bilan g‘alaba qozondi. Bu — 1997 yildan buyon kuzatilgan eng yuqori saylov ishtiroki hisoblanadi. Uning asosiy raqibi — konservativ siyosatchi Kim Mun Su bo‘lgan.





