
JCH-2026 oldidan: O‘zbekiston terma jamoasi murabbiyligiga nomzodlar kimlar?
27.08.2025 | 15:0042113
Futbol bo‘yicha O‘zbekiston milliy jamoasi tarixda ilk bor Jahon chempionatiga yo‘l oldi va tajribali murabbiy izlash boshlandi. Portgaliyalik Paulu Bentu asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rilmoqda. Shuningdek, Yoaxim Lyov va Fotih Terim bilan ham muzokaralar o‘tkazilgan. Lyov taklifni rad etgan, Terim bilan hozircha kelishuvga erishilmagan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, O‘zbekiston Futbol assotsiatsiyasi Portugaliya va Janubiy Koreya terma jamoalari sobiq ustozi Paulu Bentuni terma jamoa bosh murabbiyligiga asosiy nomzodlardan biri sifatida ko‘rib chiqmoqda. Bu haqda birinchi bo‘lib Championat.asia nashri xabar berdi. Xuddi shunday xabarni Football-Asian sayti ham e’lon qildi.
 
Kimlarning nomzodi ko‘rib chiqilmoqda?
O‘zbekiston tarixda ilk bor 2026 yilda AQSH, Kanada va Meksikada bo‘lib o‘tadigan Jahon chempionati final bosqichiga yo‘l oldi. O‘FA jamoaning jahon miqyosida raqobatbardosh o‘yinini ta’minlay oladigan xalqaro tajribaga ega mutaxassis izlamoqda.
2014 yilda Germaniya terma jamoasini jahon chempioni qilgan sobiq bosh murabbiyi Yoaxim Lyovni taklif qilishga urinishlar muvaffaqiyatsiz yakunlandi — germaniyalik murabbiy taklifni rad etdi.
Bild nashri ma’lumotiga ko‘ra, Lyov Berlindagi O‘zbekiston elchixonasi ko‘magida mamlakat Futbol assotsiatsiyasi vakillari bilan ochiq muzokaralar o‘tkazgan. U taklifni bir necha kun o‘ylab ko‘rgan, ammo oxir-oqibat rad etish qarorini qabul qilgan.
Rad etish sabablaridan biri sifatida uning turmush o‘rtog‘i Daniella Shmidning pozitsiyasi keltirilmoqda, rafiqasi turmush o‘rtog‘ining ish yuzasidan boshqa mamlakatga ko‘chib o‘tishini emas, balki tinch hayotda nafaqada qolishini ma’qul ko‘rgan.
Tashkent Times manbasining yozishicha, Lyov asosan Freyburg yaqinida, Janubiy Baden mintaqasida yashashni istagani sababli ham taklifni rad etgan. U butunlay voqelikdan uzoqlashib, tinch hayot kechirish istagida edi.
65 yoshli Yoaxim Lyov 2021 yil mart oyida Germaniya terma jamoasi bosh murabbiyligidan ketganidan beri hech bir klub yoki milliy jamoani boshqarmagan. 2014 yilda u FIFA tomonidan  «Yilning eng yaxshi murabbiyi» deb tan olingan.
Shuningdek, Turkiya terma jamoasining sobiq ustozi Fatih Terim bilan ham muzokaralar olib borilgan, ammo hozircha kelishuvga erishilmagan.
 
Fotih Terim kim?
Fotih Terim 1953 yil 4 sentyabr kuni Turkiyaning Adana shahrida tug‘ilgan. Futbolchilik faoliyatini himoyachi sifatida boshlagan. U dastlab «Adanaspor» safida o‘ynagan, keyinchalik esa o‘zining asosiy faoliyatini «Galatasaray» klubida davom ettirgan va 11 yil mobaynida bu jamoaning yetakchi futbolchilaridan biri bo‘lgan. Shuningdek, Turkiya terma jamoasida ham 50 dan ortiq o‘yinda maydonga tushgan.
Terim futbolchilik faoliyatida katta sovrinlarga erisha olmagan bo‘lsa-da, murabbiylik faoliyati uni Turkiya futbolining eng buyuk shaxslaridan biriga aylantirdi. Terim murabbiylikni «Ankaragücü» va «Göztepe» klublarida boshlagan, 1993 yildan esa Turkiya U-21 terma jamoasiga bosh murabbiy sifatida tayinlangan.
Oradan ko‘p o‘tmay u milliy terma jamoani boshqara boshladi va 1996 yilda Turkiya o‘z tarixida ilk marta Yevropa chempionatiga chiqdi. 2005 yildan yana terma jamoani qo‘lga olib, 2008 yilgi Yevropa chempionatida Turkiyani yarim finalga olib chiqdi va shu orqali xalqaro maydonda katta e’tirofga sazovor bo‘ldi.
Murabbiy eng buyuk muvaffaqiyatlarini «Galatasaray» bilan qo‘lga kiritgan. U jamoani bir necha davr boshqargan va jami 8 marta Turkiya Superligasi chempioni, bir necha marta mamlakat Kubogi sohibi bo‘lgan.
1999-2000 yilgi mavsumda «Galatasaray»ni UEFA Kubogi g‘olibiga aylantirib, Turkiya futboli tarixida ilk va hozircha yagona xalqaro klub sovrinini olib kelgan. Shuningdek, o‘sha yili UEFA Superkubogini ham qo‘lga kiritdi.
Terim 2000 yilda Italiyaga yo‘l olib, «Fiorentina» va keyinroq «Milan»ni boshqargan, biroq bu jamoalarda uzoq vaqt faoliyat yurita olmadi. U ko‘proq o‘zining qattiqqo‘l va jangovar ruh singdiruvchi uslubi bilan tanilgan, futbolchilardan intizom va fidoyilik talab qilgan, shu bois unga «Imperator» laqabi berilgan.
2017 yildan 2022 yilgacha yana «Galatasaray»ni boshqargan Terim 2023 yilda qisqa muddat Yunonistonning «Panathinaikos» jamoasini ham boshqardi, ammo 2024 yil boshida iste’foga chiqdi. U hozirgi kunda yangi klub yoki terma jamoa bilan shartnoma imzolamagan bo‘lsa-da, Turkiya futboli tarixida o‘chmas iz qoldirgan murabbiy sifatida tan olinadi.
 
Bentuning karyerasi
Paulu Bentu (Paolo Jorge Gomes Bento) — portugaliyalik futbol murabbiyi va sobiq futbolchi. Professional futbolda to‘p surgan paytlarda Paulu tayanch yarim himoyachi sifatida faoliyat yuritgan, to‘pni tortib olish va o‘yinni boshqarish uning asosiy fazilatlari bo‘lgan. Futbolchilik faoliyatida Portugaliyaning «Estrela da Amadora», «Vitoria de Gimaraes», «Benfica» va «Sporting SP» jamoalarida, shuningdek Ispaniyaning «Real Oviedo» klubida o‘ynagan. U Portugaliya terma jamoasida 35 ta o‘yinda ishtirok etib, 2000 yilgi Yevropa chempionati va 2002 yilgi Jahon chempionatida qatnashgan.
Murabbiylik faoliyatini 2005 yilda boshlagan. «Sporting SP», «Olympiakos», «Cruzeiro», «Chonqing Lifab» kabi klublar hamda Portugaliya, Janubiy Koreya, Birlashgan Arab Amirliklari terma jamoalarini boshqargan. Eng yirik yutuqlaridan biri — 2012 yilda Portugaliya terma jamoasini Yevro-2012 yarim finaliga olib chiqishi va 2022 yilgi Jahon chempionatida Janubiy Koreya terma jamoasini pley-off bosqichiga olib chiqishi bo‘lgan. 2023 yilda BAA milliy terma jamoasiga bosh murabbiy etib tayinlangan.
OAV ma’lumotlariga ko‘ra, Bentu bilan muzokaralar davom etmoqda va u murabbiylik uchun favoritlar qatoriga kiradi. Uning turli futbol madaniyatlaridagi tajribasi va intizomni o‘rnatish qobiliyati terma jamoaga birinchi Jahon chempionatida yordam berishi mumkin bo‘lgan kuchli tomonlar sifatida ko‘rilmoqda, deb yozmoqda nashrlar.
bugungi kunda O‘zbekiston terma jamoasini Markaziy Osiyo futbol assotsiatsiyasi (CAFA) tomonidan tashkil etilayotgan CAFA Nations Cup 2025 turniriga tayyorgarlik ko‘rayotgan Temur Kapadze boshqarmoqda. Tadbir 29 avgustdan 8 sentyabrgacha bo‘lib o‘tadi. Guruh bosqichi o‘yinlari O‘zbekiston va Tojikiston stadionlarida, final uchrashuvi esa O‘zbekistonda bo‘lib o‘tadi. Darvoqe, Toshkentdagi o‘yinlar «Jar» stadioni va yangi qurilgan Olimpiya shaharchasi stadionlarida o‘tadi. Ma’lumot uchun o‘yinlar taqvimi:
 
O‘zbekiston joylashgan «A» guruhidagi uchrashuvlar:
30.08. Qirg‘iziston – Turkmaniston, O‘zbekiston – O‘mon.
02.09. O‘mon – Qirg‘iziston, Turkmaniston – O‘zbekiston.
05.09. Turkmaniston – O‘mon, O‘zbekiston – Qirg‘iziston.
 
Tojikistonda o‘tadigan «B» guruhidagi uchrashuvlar:
29.08. Eron – Afg‘oniston, Tojikiston – Hindiston
01.09. Hindiston – Eron, Afg‘oniston – Tojikiston.
04.09. Afg‘oniston – Hindiston, Tojikiston – Eron.
 
Mehrinoza Farmonova tayyorladi.





