add

JCH-2026 qur’a tashlash marosimi: O‘zbekiston uchun tarixiy kecha

Bugun 15:454024 daqiqa

Bugun Vashingtonda 2026-yilgi jahon chempionati guruh bosqichi qur’asi o‘tkaziladi. O‘zbekiston milliy jamoasi qaysi guruhga tushishi barchaga qiziq. Qur’a tashlash mexanizmi va turli taxminlar haqida maqola tayyorladik.

JCH-2026 qur’a tashlash marosimi: O‘zbekiston uchun tarixiy kecha

Ushbu marosim nafaqat turnirning tarixda ilk bor 48 ta jamoa ishtirokida o‘tishi, balki O‘zbekiston milliy terma jamoasining o‘z tarixida birinchi bor mundial final bosqichida ishtirok etishi bilan ham alohida ahamiyat kasb etmoqda.

 

Yangi format va qur’a qanday o‘tadi?

2026 yilgi mundial AQSH, Kanada va Meksika mezbonligida o‘tadi. Jami 48 ta jamoa 12 ta guruhga bo‘linadi, har bir guruhda 4 tadan jamoa bo‘ladi. Guruhda 1- va 2-o‘rinni egallagan milliy jamoalar, shuningdek, eng yaxshi ko‘rsatkichga ega bo‘lgan 8 ta 3-o‘rin sohiblari pley-offning yangi bosqichi — 1/16 finalga yo‘l oladi.

Qur’ada 4 ta savatcha qo‘llaniladi. Har bir guruhga 1-, 2-, 3- va 4-savatchadan bittadan jamoa tushadi. Bir guruhda bir xil qit’a (konfederatsiya)dan faqat bitta jamoa bo‘lishi mumkin (Yevropa bundan mustasno — UEFA ishtirokchilari ko‘p kamida 4 ta guruhda 2 tadan bo‘ladi).

Mezbonlar Meksika, Kanada va AQSH allaqachon o‘z guruhlarida raqamli birinchi pog‘onaga joylashtirilgan: Meksika — A1, Kanada — B1, AQSH — D1.

 

O‘zbekistonning savatdagi o‘rni va buning ahamiyati

Birinchi savatchadan uch mezbon milliy jamoa va FIFAning so‘nggi reytingida eng yuqori o‘rinni egallagan 9 milliy jamoa o‘rin olgan. Ular jahon chempionatining asosiy favoritlaridir.

1-SAVATCHA: Kanada, Meksika, AQSH, Ispaniya, Argentina, Fransiya, Angliya, Braziliya, Portugaliya, Niderlandiya, Belgiya, Germaniya

Ikkinchi savatchadan reyting ballari bo‘yicha keyingi 12 ta milliy jamoa o‘rin olgan. Ular ham katta turnirlarda o‘zini ko‘rsatgan juda tajribali terma jamolardir. OFKdan faqat uch milliy jamoa bu savatchadan o‘rin ololgan. (Osiyo terma jamoalarining birortasi O‘zbekiston bilan bir guruhga tushmaydi)

2-SAVATCHA: Xorvatiya, Marokash, Kolumbiya, Urugvay, Shveysariya, Yaponiya, Senegal, Eron, Janubiy Koreya, Ekvador, Avstriya, Avstraliya.

Uchinchi savatchadan yana 11 milliy jamoa qatorida O‘zbekiston milliy jamoasi o‘rin olgan. Guruh bosqichida O‘zbekiston bu terma jamoalar bilan bitta guruhga tushmaydi

3-SAVATCHA: Norvegiya, Panama, Misr, Jazoir, Shotlandiya,  Paragvay, Tunis, Kot-d’Ivuar, O‘zbekiston, Qatar, Saudiya Arabistoni, Janubiy Afrika Respublikasi

To‘rtinchi savatchadan FIFA reytingi eng past 6 terma jamoa va mart oyida o‘tadigan UEFA pley-offlari va qit’alararo pley-offlar g‘oliblari o‘rin olgan. Pley-offdan chiqadigan milliy jamoalarning FIFA reytingidagi o‘rni e’tiborga olinmagan. Chunki, masalan, UEFA pley-offlari orqali JCH2026 ga chiqishi mumkin bo‘lgan barcha milliy jamoalarning reytingi O‘zbekistonnikidan baland.

4-SAVATCHA: Iordaniya, Kabo Verde, Gana, Kyurasao, Haiti,  Yangi Zelandiya, UEFA pley-off A g‘olibi (Bosniya va Hersegovina, Italiya, Shimoliy Irlandiya yoki Uels), UEFA pley-off B g‘olibi (Albaniya, Polsha, Shvetsiya yoki Ukraina), UEFA pley-off C g‘olibi (Turkiya, Ruminiya, Slovakiya yoki Kosovo), UEFA pley-off D g‘olibi (Chexiya, Daniya, Shimoliy Makedoniya yoki Irlandiya), FIFA pley-off turniri g‘olibi 1 (Kongo DR, Yamayka yoki Yangi Kaledoniya), FIFA pley-off turniri g‘olibi 2 (Boliviya, Iroq yoki Surinam)

 

Ehtimoliy «o‘lim guruhi» va nisbatan qulay variantlar

Tahlilchilar va OAV ekspertlarining taxminiga ko‘ra, biz uchun eng qiyin guruhlardan biri quyidagicha ko‘rinish olishi mumkin:

Braziliya, Xorvatiya, O‘zbekiston, Gana yoki UEFAning A yo B pley-offi g‘olibi.

Bunday guruh biz uchun chinakam «o‘lim guruhi» bo‘lishi aniq va bunday guruhda 3-o‘rinni egallash ham katta natija hisoblanadi.

O‘zbekiston uchun qulay variant sifatida quyidagicha shakllanadigan guruh tilga olinmoqda:

Kanada (mezbon, nisbatan o‘rta darajali raqib), Ekvador, O‘zbekiston, Yangi Zelandiya yoki Kabo-Verde

Albatta, jahon chempionatida «oson raqib»ning o‘zi bo‘lmaydi, biroq bunday guruhdan pley-offga chiqish ehtimoli yuqoriroq.

 

O‘zbekiston delegatsiyasi va murabbiylar shtabi kayfiyati

Qur’a marosimida O‘zbekiston delegatsiyasi tarkibida O‘FA rahbariyati, bosh murabbiy Fabio Kannavaro, murabbiylar shtabi hamda milliy futbol afsonasi Mirjalol Qosimov ham ishtirok etadi. Bu o‘zbek futboli avlodlaridan avlodlarga o‘tib kelgan orzuning ramziy davomi kabi qabul qilinmoqda.

O‘FA rahbariyati ta’kidlaganidek, asosiy maqsad jamoada ortiqcha bosimsiz, strategiyali va bosqichma-bosqich rivojlanishni ta’minlash.

 

O‘zbekistonning mundialga eltgan uzun yo‘l

O‘zbekiston 1994 yilda FIFA a’zosi bo‘lganidan buyon 7 ta saralash siklida mundialga juda yaqin keldi. Bor-yo‘g‘i bir ochko yoki birgina gol yetishmagan holatlar bo‘lgan. 2026 yilda esa ichki futbol tizimidagi islohotlar, legionerlar faoliyati, milliy chempionatning o‘sishi, terma jamoaning barqaror o‘yini muvaffaqiyatli natijaga olib keldi va O‘zbekiston o‘z tarixida ilk bor jahon chempionatiga to‘g‘ridan to‘g‘ri yo‘llanma oldi. To‘g‘risi, bunda Mundial ishtirokchilari soni oshirilgani ham muhim rol o‘ynadi.

Shu yilning 6-iyun kuni Abu Dabi shahrida BAAga qarshi 0:0 hisobidagi o‘yin bilan mundialga yo‘llanma rasman ta’minlandi. Ko‘p o‘tmay jahon chempioni Fabio Kannavaro bosh murabbiy etib tayinlandi.

 

Qur’a O‘zbekiston uchun nima belgilab beradi?

Qur’a eng avvali qaysi davlat, shahar va stadionlarda o‘ynashimizni belgilab beradi. Binrbarin logistika, iqlimga moslashish, taktik tayyorgarlik, futbolchilar rotatsiyasi, psixologik tayyorgarlik kabi bir qator muhim masalalar yuzasidan tayyorgarlik boshlanadi.

Kuchli raqiblar tushsa,  bu katta maktab va tajriba. Muzonanatli guruh tushsa, pley-off imkoniyati oshadi.

Bugun iillionlab o‘zbek futboli muxlislarning berayotgan savoli bitta: «Bizga kimlar tushar ekan?» Ayrimlar Braziliya, Fransiya yoki Argentina kabi grandlar bilan o‘ynashimizni orzu qilayotgan bo‘lsa, boshqalar Mundialdagi yo‘limiz uzunroq bo‘lishi uchun qulayroq guruh tushishini xohlamoqda.

Barchasiga bugun o‘zimiz guvoh bo‘lamiz. 5-dekabr kechasi soat 21:00 dan boshlab qur’a tashlash marosimi SportTV va Zo‘rTV kanallarida jonli olib ko‘rsatiladi.

Teglar

Mavzuga oid