Logo

JCH o‘yinlari vaqtidagi suv ichish tanaffuslari media kompaniyalarining «ishtaha»sini ochdi — «ESPN»

Bugun 08:004 daqiqa

«ESPN» nashrining yozishicha, bu yilgi Jahon chempionati siyosiy mojarolar yoki Lionel Messiga yon bosildi, degan hakamlar bilan bog‘liq bahslar emas, balki aynan suv ichish tanaffuslari bilan esda qoladi.

JCH o‘yinlari vaqtidagi suv ichish tanaffuslari media kompaniyalarining «ishtaha»sini ochdi — «ESPN»

AQSH va xorijdagi o‘ndan ortiq media hamda futbol rahbarlarining fikricha, har bir bo‘lim o‘rtasidagi uch daqiqalik tanaffuslar kelgusida translyatsiya huquqlari bo‘yicha muzokaralarning asosiy mavzusiga aylanadi.

FIFA bu yilgi mundialning har bir o‘yinida mazkur tanaffuslarni majburiy qilib belgilagan bo‘lsa-da, bu qoida futbolda hali to‘liq ommalashib ulgurmagan.

«The Hollywood Reporter» nashrining yozishicha, musobaqani AQSHda translyatsiya qilayotgan «Fox» telekanali faqatgina mana shu qisqa tanaffuslar vaqtidagi reklamalarning o‘zidan kamida 250 million dollar ishlab topadi.

«ESPN» nashrining «Turner» kompaniyasi sobiq prezidenti Devid Leviga tayanib хaб berishicha, «Suv ichish tanaffuslari foyda keltirishi isbotlanganidan so‘ng, ortga qaytish juda qiyin bo‘ladi. Agar bu tanaffus bekor qilinsa, albatta uning o‘rniga boshqa bir narsa o‘ylab topiladi».

Nashr maqolasida ta’kidlanishicha, bu yilgi Jahon chempionati amerikalik media rahbarlarining uzoq yillik orzusini ro‘yobga chiqardi: musobaqa basketbol, beysbol yoki Amerika futbolidan farqli o‘laroq, reklama uchun tabiiy tanaffuslarga ega bo‘lmagan mazkur global sport turidan yanada ko‘proq daromad olish yo‘lini ko‘rsatib berdi.

Garchi ko‘plab muxlislar bu holatdan norozi bo‘layotgan, futbolchi va murabbiylar esa o‘yin sur’ati tushib ketayotganidan shikoyat qilayotgan bo‘lsa-da, bunday tanaffuslar telekanallar hamda reklama beruvchilarga katta foyda keltirmoqda.

Jahon chempionatidan so‘ng mazkur tendensiya sportning kelajagiga oid bir qator savollarni o‘rtaga tashlaydi:

  • AQSHning mahalliy ligalari bu tanaffuslarni qay darajada faol joriy etadi?

  • Yevropa ligalari translyatsiya huquqlaridan tushadigan daromadlarning kamayishiga qanday yechim topadi?

  • Shuningdek, AQSHning jahon futboliga ta’siri qanchalik ortadi?

«Bu o‘zgarishlar bir kechada sodir bo‘lmaydi. Biroq an’anaviy televideniye modeli inqirozga yuz tutayotgan bir paytda, ligalarda translyatsiya huquqidan keladigan daromadlarni oshirish va moliyaviy ko‘rsatkichlarni tiklash uchun juda kam vosita qolmoqda», — deydi ingliz futbolining sobiq ijrochi direktori Charli Metven.

Boshqa bir media rahbarining so‘zlariga ko‘ra: «Bu futbol uchun kutilmagan va juda oson daromad manbai. Endi kompaniyalar o‘yinning eng qizg‘in pallasida ekran qarshisiga mixlangan tomoshabinlarga o‘z reklamalarini namoyish etish imkoniyatiga ega. Ayni paytda ko‘plab media kompaniyalari «Fox» telekanalining bundan qanchalik katta foyda ko‘rayotganini kuzatib, ishtahalari ochilib ketmoqda».

FIFA birinchi marta 2014 yili Braziliyada o‘tgan Jahon chempionatida suv ichish tanaffuslarini joriy qilgan edi.

O‘shanda havo harorati 32 darajaga yetganda, mehnat sudining qarori bilan futbolchilarga o‘yin vaqtida dam olish majburiy qilib qo‘yilgandi.

Bugungi kunda dunyoning aksariyat ligalarida ob-havo sharoitiga qarab yoki bosh hakamning qarori bilan o‘yinni to‘xtatib turish qoidalari mavjud.

O‘tgan yilning dekabr oyida FIFA bu yilgi Jahon chempionatida ob-havodan qat’i nazar (hatto iqlim nazorati tizimiga ega stadionlarda ham) har bir bo‘limda uch daqiqalik tanaffuslar berilishini e’lon qildi.

Bu esa «Fox» telekanaliga reklama vaqtlarini oldindan pullash, tanaffuslardan to‘liq daromad ko‘rish hamda reklama beruvchilarga muxlislar e’tiborini o‘yinning eng qizg‘in pallasida tortish imkonini berdi.

«Wall Street Journal» nashrining yozishicha, bu vaqtdagi reklama roliklarining har biri 200 ming dollardan 750 ming dollargacha baholanmoqda. Ba’zi holatlarda translyatsiya to‘liq reklamaga uzib qo‘yilayotgan bo‘lsa, boshqa vaziyatlarda ekran ikkiga bo‘lingan holda ham o‘yin, ham reklama namoyish etilmoqda (ayrim mamlakatlardagi telekanallar reklama uchun o‘yinni uzib qo‘ymaslikni ma’qul ko‘rgan).

Mazkur yangi tendensiya bir qator global futbol ligalari va ularning media huquqlari sotuvi bo‘yicha o‘ta nozik bir davrga to‘g‘ri kelmoqda. Masalan, Fransiyaning eng yuqori divizioni bo‘lmish 1-Liga (Ligue 1) teletranslyatsiyalar bo‘yicha bir nechta muvaffaqiyatsiz hamkorliklardan jabr ko‘rdi. Oqibatda, liga to‘g‘ridan-to‘g‘ri iste’molchiga mo‘ljallangan o‘z platformasini ishga tushirishga majbur bo‘ldi.

So‘nggi hisob-kitoblarga ko‘ra, Fransiya chempionatining teletranslyatsiya huquqlari qiymati bor-yo‘g‘i 150 milliondan 250 million yevrogacha (taxminan 171 milliondan 286 million dollargacha) baholanmoqda.

Umuman olganda, butun Yevropa bo‘ylab translyatsiyalardan tushadigan daromadlar deyarli o‘smayapti. So‘nggi vaqtlarda top futbol ligalarining media shartnomalarida AQSHning yirik sport turlaridagi (masalan, NBA va NFL) kabi katta o‘sish kuzatilmagan.

Bundan tashqari, boshqa barcha chempionatlar Premer-liga darajasiga chiqishga intilmoqda. «Deloitte» auditorlik kompaniyasining ma’lumotlariga ko‘ra, o‘tgan mavsumda Angliya Premer-ligasi 7,4 milliard funt sterling (10 milliard dollar) daromad ko‘rishi kutilgan edi.

 Bu ko‘rsatkich Bundesliga (4,9 milliard dollar), La Liga (4,8 milliard dollar), A Seriya (3,4 milliard dollar) va 1-Liga (2,2 milliard dollar) singari chempionatlarnikidan qariyb ikki barobar yuqori. Shunga qaramay, «Deloitte» mutaxassislari Premer-ligada ham foyda miqdori pasayib borayotganini qayd etmoqda.

Bunga javoban ligalar translyatsiyalardan daromad olishning yangi yo‘llarini izlamoqda. La Liga o‘z translyatsiya va media huquqlarining 8 foizlik ulushini 50 yil muddatga qariyb 2 milliard yevro evaziga «CVC Capital Partners» xususiy investitsiya kompaniyasiga sotdi. Dunyoning eng mashhur klublaridan biri «Barselona» esa La Liga telehuquqlaridagi o‘z ulushining 25 foizini 25 yilga «Sixth Street» investitsiya kompaniyasiga pulladi.

Bundesliga ham media huquqlar borasida shunga o‘xshash rejani amalga oshirishga urindi, biroq muxlislarning keskin noroziligidan so‘ng bu fikrdan voz kechdi.

Bu mamlakatlarda reklama tanaffuslari joriy etilishi ehtimoli past bo‘lsa-da, mutaxassislar Fransiya, Italiya va Ispaniya ligalari translyatsiyalardan ko‘proq daromad olish masalasiga jiddiyroq yondashishi mumkinligini taxmin qilmoqda.

Россия - Украина уруши

Futbol bo‘yicha Jahon chempionati 2026

JCH-2026 o‘yinlariga oid barcha xabarlar bitta havolada.

Teglar

Mavzuga oid