add

Jennifer Lopez konserti «Bunyodkor»ga qanchaga tushdi?

13.08.2025 | 12:3033126

7 avgust kuni o‘tkazilgan yirik konsertdan so‘ng «Milliy» stadionining holati, uning avvalgi ko‘rinishiga qaytishi uchun kerak bo‘ladigan vaqt va rejalashtirilgan o‘yinlar taqdiri haqida ma’lumot berildi.

Jennifer Lopez konserti «Bunyodkor»ga qanchaga tushdi?
Mashhur qo‘shiqchi va aktrisa Jennifer Lopesning Up All Night — LIVE IN 2025 turnesi doirasidagi konserti Toshkentdagi «Milliy» stadionda bo‘lib o‘tdi. Tadbir uchun 25 mingta chipta sotilgan. Ma’lumotlarga ko‘ra, bir kunda 25 mingdan ortiq tomoshabinni qabul qilgan, 1 million dollar sarflab yangilangan stadion maydoni jiddiy shikastlangan. SPORTS.uz jurnalisti Karim Xudayqulovning ma’lum qilishicha, konsertdan so‘ng «Bunyodkor» stadionining chimi, suv berish va drenaj tizimlari sezilarli darajada zarar ko‘rgan. Sahna konstruksiyalari maydonning ayrim qismlarini cho‘ktirgan. Yaqin kunlarda chim qisman yangilanishi rejalashtirilgan, ammo mutaxassislar butun maydonni almashtirishni tavsiya qilmoqda. Aks holda, maydonda rang farqi qolishi mumkin. Jurnalistning fikricha, konsertlar o‘tkazilishi mumkin, lekin tayyorgarlik va tiklash ishlari futbolga ziyon yetkazmasligi shart. Yana bir sport jurnalisti Narzulla Saydullayev esa stadion holatini o‘rganib, agronom bilan suhbatda bo‘lganini aytdi. Agronomning so‘zlariga ko‘ra, o‘lgan maysalarni maxsus texnika yordamida terib chiqish kerak va «Bunyodkor»da bunday texnika mavjud. Chimning to‘liq tiklanishi uchun taxminan ikki oy vaqt talab etiladi. «Al Hilol» klubi «Kingdom Arena» stadioni agronomi Styuart MakCheynning aytishicha, odatda maydon to‘liq tiklanishi uchun 6–8 hafta kerak bo‘ladi. Uning so‘zlariga ko‘ra, bilim va tajriba bo‘lmasa, maydonni qisqa vaqt ichida «o‘ldirib qo‘yishi» mumkin. Shuningdek, 8 avgust kuni rejalashtirilgan «Bunyodkor» – «Shoʻrtan» o‘yini maydon talabga javob bermagani uchun «Jar» stadionida o‘tkazilgan. Sentyabrda bo‘lib o‘tadigan «CAFA» final kubogi uchun ham «Milliy» stadion tanlangan edi. Ammo ikki oy davomida futbol o‘tkazib bo‘lmasligi haqidagi ma’lumotdan so‘ng, tashkilotchilar maydonni dorilab, maksimal darajada tayyorlashga harakat qilishini ma’lum qildi. Agar maydon finalga qadar tiklansa, «Bunyodkor» mezbon bo‘lib qoladi, aks holda boshqa maydon tanlanadi. «Bunyodkor» bosh murabbiyi Ilyos Zeytulayev: «Biz o‘z stadionimizda o‘ynashni istardik. Ammo biz Italiya, Ispaniya yoki Angliyada emasmiz. U yerlarda uch qavatli maydonlar bor, biror muammo bo‘lsa, boshqa qavatdagi maydonni chiqarishadi. Bu umuman boshqa daraja. Bizda esa rahbariyat maydonni tiklashga harakat qilyapti. Rostini aytsam, chim haqida ko‘p narsa bilmayman, lekin yaxshi mutaxassislarimiz bor. Maydon juda zo‘r edi. Afsuski, Jannifer Lopes va minglab odamlarni maydondan chiqarib yubora olmaymiz. Bu katta reklama ham bo‘ldi», — dedi. Eslatib o‘tamiz, Jennifer Lopes konserti O‘zbekistonga 15 mingdan ortiq turistni jalb qilgan va Toshkent iqtisodiyotiga 42,5 milliard so‘mdan ziyod soliq tushumini ta’minlagan.

Teglar

Mavzuga oid