
Jizzax viloyati hokimiga ikki yangi o‘rinbosar tayinlandi
Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligining ikki xodimi Jizzax viloyati hokimiga o‘rinbosar bo‘ldi.

Jizzax viloyati hokimligida kadrlar tarkibi yangilandi. Viloyat hokimining tog‘li-yaylov hamda dasht va cho‘l hududlarda sanoatni rivojlantirish, investitsiya va savdo masalalari bo‘yicha ikki nafar o‘rinbosari tayinlandi.
Qayd etilishicha, Yusupov Bahrom Muzaffarovich Jizzax viloyati hokimining tog‘li hududlar va yaylovlarni rivojlantirish, investitsiya va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari lavozimiga tayinlandi. Ushbu yo‘nalishda hududlarning investitsiyaviy jozibadorligini oshirish, turizm hamda qishloq xo‘jaligi infratuzilmasini rivojlantirish, yaylovlardan samarali foydalanish va savdo aloqalarini kengaytirish ustuvor vazifalar etib belgilangan.
Yusupov Bahrom Muzaffarovich tayinlovga qadar Investitsiyalar, sanoat va savdo vazirligida bo‘lim boshlig‘i sifatida ishlab kelgan.
Shuningdek, Egamov Bekzod Abduvaliyevich Jizzax viloyati hokimining dasht va cho‘l hududlarda sanoatni rivojlantirish, investitsiya va savdo masalalari bo‘yicha o‘rinbosari etib tayinlandi. Uning vakolatlariga sanoat zonalarini tashkil etish, ishlab chiqarish quvvatlarini oshirish, mahalliy va xorijiy investitsiyalarni jalb qilish hamda eksport salohiyatini kengaytirish kiradi.
Egamov Bekzod Abduvaliyevich ham tayinlovga qadar vazirlik tizimida bo‘lim boshlig‘i lavozimida faoliyat yuritgan.





