Jizzaxda «BYD»ning «Yuan Up» modeli ishlab chiqariladi

15.02.2026 | 10:252 daqiqa

«O‘zavtosanoat» AJ boshqaruvi raisi Ulug‘bek Ro‘ziqulovning ma’lum qilishicha, 2026 yilda avtomobillarning 5 ta yangi modeli taqdimot qilinadi. Bunda «Chevrolet» brendining «Damas», «Traverse», «Captiva» modellari va «KIA»ning yangi modellarini chiqadi.

Jizzaxda «BYD»ning «Yuan Up» modeli ishlab chiqariladi

Jizzax viloyatidagi “BYD Uzbekistan Factory” qo‘shma korxonasida «Yuan Up» modelini ham ishlab chiqarish boshlanadi. Bu haqda «O‘zavtosanoat» AJ boshqaruvi raisi Ulug‘bek Ro‘ziqulov 13-fevral kuni Toshkent viloyatining Ohangaron tumanida Prezident Shavkat Mirziyoyev raisligida o‘tgan tarmoq va hududlarda yuqori iqtisodiy o‘sish sur’atlarini ta’minlash bo‘yicha asosiy vazifalar muhokamasiga bag‘ishlangan videoselektor yig‘ilishida ma’lum qildi.

«Yangi modellarga talab ko‘paygan. Shu yilning o‘zida, hurmatli prezident, beshta yangi modelning bozorda taqdimoti bo‘lib o‘tadi. Yangi «Damas» chiqdi. Hozir savdoni boshlaymiz. Xorazmda majlis bo‘ganda topshiriq bergan edingiz, to‘liq o‘zlashtirildi», – dedi Ulug‘bek Ro‘ziqulov.

Shuningdek, u joriy yilda «Traverse», «Captiva» va «KIA»ning yangi modellarini chiqishini ma’lum qildi.

Bundan tashqari, «O‘zavtosanoat» AJ boshqaruvi raisi Jizzaxdagi «BYD» zavodida bu yildan “Yuan Up” modelini ham ishlab chiqarish boshlanishini bildirdi.

Jizzaxdagi «BYD» zavodi

2024 yil 25-yanvarda O‘zbekiston prezidenti Shavkat Mirziyoyev Xitoyga tashrifi doirasida «BYD» kompaniyasi bosh qarorgohida bo‘lgan va kompaniya prezidenti Van Chuanfu bilan birga Jizzax viloyatida yiliga 50 ming dona gibrid va elektr avtomobillarni yig‘ish bo‘yicha loyihani ishga tushirishga bag‘ishlangan tantanali marosimda ishtirok etgandi.

O‘shanda prezident Mirziyoyev yaqin istiqbolda bozordagi talabdan kelib chiqib modellar qatorini kengaytirish va ishlab chiqarish quvvatini yiliga 300 ming donagacha oshirish zarurligini ko‘rsatib o‘tgandi.

Oradan besh oy o‘tib, 2024 yil iyunda Jizzax viloyatidagi «BYD Uzbekistan Factory» qo‘shma korxonasida ilk elektromobillar ishlab chiqarila boshlandi. Prezident Shavkat Mirziyoyev 27-iyun kuni ushbu innovatsion zavodni borib ko‘rdi. O‘shanda u yerda «Chazor» va «Song Plus Champion» modellari ishlab chiqarila boshlagan va Shavkat Mirziyoyev konveyerdan chiqqan ilk elektromobilga imzo qo‘ygan.

Zavodga Xitoydan robotlashtirilgan tizimlar va uskunalar keltirib o‘rnatilgan. Ishlab chiqarish jarayoni avtomatlashtirilgan. Elektromobilning geometrik o‘lchamlarini yuqori aniqlikda tekshiruvchi laboratoriya tashkil qilingan.

Teglar

Mavzuga oid