
Jizzaxda hokim 10 ming dollar pora bilan ushlandi
09.07.2025 | 20:4639103
Sharof Rashidov tumani hokimi va bosh mutaxassisi 30 ming dollar pora olganda DXX tomonidan qo‘lga olindi. Jinoyat ishi qo‘zg‘atildi.

Jizzax viloyatida Sharof Rashidov tumani hokimiga nisbatan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi. U yer ajratish evaziga xususiy kompaniya rahbaridan pora talab qilgan va pulning bir qismini olgan paytda DXX xodimlari tomonidan ushlangan. Bu haqda DXX xabar berdi.
Qayd etilishicha, Jizzax viloyati Sh.Rashidov tumani hokimligining qurilish, kommunikatsiyalar, kommunal xo‘jalik, ekologiya va ko‘kalamzorlashtirish masalalari bo‘yicha bo‘limi bosh mutaxassisi qurilish sohasida faoliyat yurituvchi MCHJ rahbarining ishonchiga kirib, unga tuman hokimining tegishli qarori bilan “Tokchilik” MFY hududida umumiy o‘rta ta’lim maktabi binosini barpo etish uchun ajratilgan 1,7 gektar yer maydonida 8 ta ko‘p qavatli uylar qurilishiga ruxsat olib berishi evaziga 30 ming AQSH dollari talab qilgan.
Joriy yilning 5 iyul kuni bosh mutaxassis so‘ralgan pul mablag‘idan 10 ming AQSH dollarini olib, tuman hokimiga bergan.
8 iyul kuni esa tadbirkordan qolgan 20 ming AQSH dollarini ham olgan va unga ko‘p qavatli uy qurish uchun hokim tomonidan ruxsat berilgan hujjatlarni taqdim etgan.
So‘ngra bosh mutaxassis hokimiyat binosi oldida tuman rahbari bilan uchrashib, 10 ming AQSH dollarini bergan vaqtida Davlat havfsizlik xizmati xodimlari tomonidan ularning noqonuniy harakatlariga chek qo‘yildi.
«Hozirda Sharof Rashidov tumani hokimi deputatlik daxlsizlik huquqidan mahrum qilinib, unga nisbatan Jinoyat Kodeksining 210-moddasi bilan, bosh mutaxassisga esa Jinoyat Kodeksining 168 va 211-moddalari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atildi», - deyiladi xabarda.





