add

Jizzaxda tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlandi

Bugun 10:24171

Ayblanuvchi mahalliy tadbirkor tomonidan qurilishi rejalashtirilgan ko‘p qavatli uyning loyiha hujjatlarini tasdiqlab berish evaziga pora talab qilgan.

Jizzaxda tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlandi

Jizzax viloyatidagi tumanlardan birining Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlandi. Bu haqda DXX axborot xizmati xabar berdi.

Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, u xizmat vakolatidan foydalanib, mahalliy tadbirkordan pul talab qilgan.

Ma’lum bo‘lishicha, joriy yil sentabr oyida mazkur mansabdor mahalliy tadbirkor qurishni rejalashtirgan ko‘p qavatli uyning loyiha hujjatlarini tasdiqlab berish evaziga 200 AQSH dollari olgan. Keyinchalik tadbirkor aholiga qulaylik yaratish maqsadida yaqin atrofda xususiy maktab qurish uchun ham hujjatlarni tasdiqlatish niyatini bildirgan.

Bu safar bo‘lim boshlig‘i undan 6 million so‘m pora talab qilgan. Davlat xavfsizlik xizmati va Prokuratura organlari xodimlari o‘tkazgan tezkor tadbirda u mazkur pulni turmush o‘rtog‘i orqali qabul qilayotgan vaqtda ushlangan.

Hozirda mansabdor shaxsga nisbatan O‘zbekiston Respublikasi Jinoyat kodeksining 210-moddasi 2-qismi «a» va «v» bandlari bilan jinoyat ishi qo‘zg‘atilgan. Sud tomonidan unga nisbatan qamoq ehtiyot chorasi qo‘llanilgan.

Qonunga ko‘ra, bu kabi jinoyatlar uchun 5 yildan 10 yilgacha ozodlikdan mahrum qilish jazosi belgilanishi mumkin.

Eslatib o‘tamiz, avvalroq Samarqand va Qashqadaryo viloyatlarida yer maydonlarini noqonuniy sotmoqchi bo‘lgan shaxslar fosh etilgani haqida xabar bergan edik.

Teglar

Mavzuga oid

Jizzaxda tuman Favqulodda vaziyatlar bo‘limi boshlig‘i pora bilan ushlandi | Vaqt.uz