Jizzaxdagi «Zomin texnoparki»da 1,2 mlrd dollarlik loyihalar amalga oshiriladi
22.07.2025 | 14:4510904
Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga tashrifi doirasida «Zomin texnoparki» maxsus sanoat zonasida amalga oshirilayotgan yirik investitsiyaviy loyihalar bilan tanishdi. Xitoylik sarmoyadorlar ishtirokida bu yerda minglab ish o‘rinlari yaratilishi va milliard dollarlik ishlab chiqarish yo‘lga qo‘yilishi rejalashtirilgan.

Bugun Prezident Shavkat Mirziyoyev Jizzax viloyatiga tashrif buyurib, sanoat va ijtimoiy sohada amalga oshirilayotgan ishlar, yangi ishlab chiqarish quvvatlari va boshqa ob’ektlar bilan tanishadi.
O‘tgan yili 27 iyunda Prezident Shavkat Mirziyoyev tomonidan qurilishi boshlab berilgan «Zomin texnoparki»da bugungi kunda faol ishlar olib borilmoqda. Maxsus sanoat zonasi 400 gektar maydonda joylashgan bo‘lib, u yerda Xitoy kompaniyalari ishtirokida 1 mlrd 200 mln dollarlik 31 ta loyiha amalga oshirilishi ko‘zda tutilgan.
bugungi kunda sanoat zonasida zarur infratuzilma yaratilib, birinchi loyiha — Xitoyning «Xinjiang Honglin Tiandi» kompaniyasi tomonidan qiymati 10 mln dollarlik beton mahsulotlari ishlab chiqarish korxonasi ishga tushirildi. Ushbu korxonada 60 nafar ishchi faoliyat yuritmoqda.
Shuningdek, «Midea» brendi ostida maishiy elektr texnikalari ishlab chiqarish bo‘yicha 42 mln dollarlik ikkinchi loyiha ham so‘nggi bosqichga yetgan. U yerda yiliga 300 ming dona maishiy texnika tayyorlanib, 150 nafar kishi ish bilan ta’minlanadi.
Texnoparkning birinchi bosqichida 9 ta loyiha amalga oshirilayotgan bo‘lsa, hozirgi kunda qiymati qariyb 300 mln dollarga teng bo‘lgan yana 7 ta loyiha ustida qurilish ishlari olib borilmoqda. Ular orqali qurilish materiallari, kimyoviy mahsulotlar, elektr jihozlari ishlab chiqariladi, logistika va o‘quv markazlari tashkil etiladi.
Umumiy hisobda barcha loyihalar amalga oshirilganda, yiliga 5 trln so‘mlik mahsulot ishlab chiqariladi. 15 turdagi yangi mahsulot o‘zlashtirilib, 70 mln dollarlik eksport imkoniyati yaratiladi. Eng asosiysi, besh mingdan ziyod fuqaro doimiy ish o‘rniga ega bo‘ladi.