
JSST: antibiotiklar bakteriyalarga qarshi samarasini yo‘qotmoqda
15.10.2025 | 15:3032493
Dunyo bo‘ylab bakteriyalarning antibiotiklarga chidamliligi yil sayin ortib, dori vositalarining samaradorligi pasaymoqda.

Jahon sog‘liqni saqlash tashkiloti (JSST) tomonidan e’lon qilingan so‘nggi hisobotda antibiotiklarga chidamlilik muammosi global darajada keskinlashib borayotgani qayd etildi. Tashkilot ma’lumotlariga ko‘ra, infeksiyalarning dori vositalariga chidamliligi har yili o‘rtacha 5–15 foizga oshib bormoqda. Bu esa antibakterial preparatlarning ortiqcha yoki noto‘g‘ri qo‘llanilishi bilan bog‘liq holda rivojlanmoqda.
Tadqiqot natijalariga ko‘ra, E.coli bakteriyalarining 40 foizi, Klebsiella pneumoniae turining esa 55 foizidan ortig‘i hozirda peshob yo‘llari, qon va ovqat hazm qilish tizimi kasalliklarini davolashda keng ishlatiladigan antibiotiklarga chidamli bo‘lib qolgan. Ayrim infeksiyalar esa mavjud barcha turdagi antibiotiklarga qarshilik ko‘rsatmoqda.
JSST ma’lumotlariga ko‘ra, salmonella, oltin stafilokokk va E.coli bakteriyalari tufayli har yili millionlab odamlar hayotdan ko‘z yummoqda. 2021 yilda antibiotiklarga chidamli bakteriyalar sabab qariyb 8 million kishi vafot etgani qayd etilgan.
JSST vakili Silviya Bertanolioning ta’kidlashicha, vaziyat jahon sog‘liqni saqlash tizimi uchun jiddiy xavf tug‘dira boshlagan. Uning fikricha, bu holat antibiotiklardan mas’uliyatsiz foydalanish va o‘zboshimchalik bilan dori qabul qilish oqibatida kuchaygan.
Hisobotda yangi avlod antibiotiklarini yaratish bo‘yicha ilmiy izlanishlarni jadallashtirish zarurligi ta’kidlandi. Shu bilan birga, mavjud vositalarni faqat zarur hollarda qo‘llash orqali bakteriyalar chidamliligining o‘sishini sekinlashtirish mumkinligi qayd etilgan.





