add

Jurnalistlar Bashar Asad va uning generallarini Rossiyadan izlab topishdi

Bugun 13:157383 daqiqa

Suriyaning 55 nafar yuqori lavozimli amaldorlari, kuch tuzilmalari va harbiylari orasidan kamida yarmi bugungi kunda Suriyadan tashqarida, shularning katta qismi Moskva va boshqa Rossiya hududlarida yashamoqda.

Jurnalistlar Bashar Asad va uning generallarini Rossiyadan izlab topishdi

Suriyada Bashar Asad tuzumi ag‘darilgandan so‘ng uning yaqin atrofidagi shaxslarning bir qismi Rossiyaga ko‘chib o‘tgani ma’lum bo‘lidi. The New York Times nashrining aniqlashicha, Suriyaning 55 nafar yuqori lavozimli amaldorlari, kuch tuzilmalari va harbiylari orasidan kamida yarmi bugungi kunda Suriyadan tashqarida, shularning katta qismi Moskva va boshqa Rossiya hududlarida yashamoqda.

Nashr ma’lumotiga ko‘ra, Bashar Asad muhojiratdagi hayotini Moskva markazida joylashgan Four Seasons mehmonxonasidan boshlagan — bu yerda haftalik yashash narxi 13 ming dollarga yetishi mumkin. Keyinchalik u «Moskva-Siti» majmuasidagi «Federatsiya» minorasining ikki qavatli penthausiga ko‘chgan, undan so‘ng esa Rublyovkadagi shaxsiy uyga joylashgan. Uning harakatlari hanuzgacha rossiyalik maxsus xizmatlar nazoratida bo‘lib, oilasining xavfsizligi ham ular tomonidan ta’minlanmoqda.

Uning ukasi Mohir Asad — Respublika gvardiyasi va 4-tank diviziyasining sobiq qo‘mondoni ham dastlab Four Seasons mehmonxonasida yashagan. NYT manbalariga ko‘ra, u hotelning sport zalida ko‘ringan va u yerda sodir bo‘lgan voqealarni «sharmandalik» deb baholagan. Keyinchalik Mohirni «Moskva-Siti»dagi Capital Towers atrofida ko‘rishgan. Shuningdek, u «Myata Platinum» chilimxonasida va «Afimoll» savdo-ko‘ngilochar markazida ham uchragan.

Asad aka-ukalarining qizlari hozirgi kunda mahalliy hukumat ruxsati bilan Birlashgan Arab Amirliklarida yashamoqda. Ikkalasi ham yaqinda 22 yoshini nishonladi. Bashar Asadning qizi Zayn uchun Rublyovkadagi uyda yo‘lga qo‘yilgan hashamatli tug‘ilgan kun tantanasi tashkil etilgan. Mohir Asadning qizi Sham esa Dubayda — avval Bagatelle restoranida, keyincha shaxsiy yaxtada tug‘ilgan kunini nishonlagan. Nashr yozishicha, Zayn Abu-Dabidagi Sorbonna filialida tahsil olmoqda va shu bilan birga MGIMO diplomini ham qo‘lga kiritgan.

Asad aka-ukalarining sobiq hamkorlarga munosabati turlicha bo‘lgan. Manbalar ma’lumotiga ko‘ra, Mohir Asad ayrimlariga uy-joy yoki biznes boshlash uchun moliyaviy yordam bergan. Bashar Asad esa aksincha — o‘z atrofidagilarning bir qismini yordamsiz qoldirgan. Uning shaxsiy yordamchilari avvaliga uch kishi bir xonali Four Seasons nomeriga joylashtirilgan, ertasi kuni esa o‘z hisoblaridan to‘lashlarini so‘rashgan. Asad bilan bog‘lana olmagan yordamchilarga keyinroq kazarmaga ko‘chish taklif qilingan. Ularning biri oxirida Suriyaga qaytib, tog‘li qishloqda yashirinib yashamoqda. Ikkinchisi esa Rossiyada qolib, jiddiy moliyaviy qiyinchiliklar bilan yashamoqda.

The New York Times jurnalistlari Suriya elitasining 55 nafar sobiq vakillari — amaldorlar, harbiylar, maxsus xizmatlar rahbarlari va kimyoviy qurol ishlab chiqishda ishtirok etgan olimlardan kamida yarmi Rossiyada ekanini aniqladi. Ulardan faqat biri qo‘lga olingan.

Rossiyada ekanligi aniqlanganlar orasida quyidagilar bor:

– Suriya razvedkasi sobiq rahbari, 79 yoshli Ali Mamluk. U Moskvadagi xonadonda yashamoqda, gazetaning yozishicha, uning xarajatlari Rossiya byudjeti hisobiga qoplanadi;

– Asad rejimining narkotik savdosidagi asosiy figuralaridan biri — Hassan Bilol. U Dubaydan Ispaniyagacha bo‘lgan mamlakatlarda o‘z oilasining ro‘zg‘orini moliyalashtirmoqda;

– Mir shajarasiga qarshi olib borilgan namoyishlar vaqtida otish buyrug‘ini bergan sobiq harbiy komandir Jamol Yunus — Moskva ko‘chalarida samokat minib yurgan holda ko‘rilgan;

– Qiynoq va zo‘ravonliklarda ayblanayotgan sobiq mudofaa vaziri Ali Abbos hamda bosh shtab sobiq rahbari Abdulkarim Ibrohim «Yevropeyskiy» savdo markazida ko‘zga tashlangan;

– Namoyishchilarga nisbatan jazolash amaliyotlarida ayblanayotgan general Kifoh Mulham va uning kuyovi Hassan Ismoil Moskvadagi katta uyda yashamoqda. «Biz oddiy fuqarolar singari yashayapmiz», — degan u gazetaga.

Asad rejimida xizmat qilgan oddiy ofitserlar uchun muhojirat ancha og‘ir kechmoqda. The New York Times ma’lumotlariga ko‘ra, 1200 nafardan ziyod suriyalik kuch tuzilmalari xodimlari mamlakatni Rossiya harbiy bazalari orqali tark etgan. Ular ayrim holatlarda samolyotda joy evaziga pora bergan. Rossiyaga kelganlar avval kazarmalarda uch-to‘rt kishi bir xonada yashagan, bir necha hafta o‘tib, o‘zlariga uy topish talab qilingan. Ayrimlari davlatdan moddiy yordam olgan va mamlakatning turli mintaqalari, jumladan, Sibirga joylashtirilgan.

Avvalroq Guradian jurnalistlari Bashar Asad Rossiyada nima bilan band ekani va oilasining Moskvada qanday yashayotganini aniqlashga muvaffaq bo‘lgani haqida xabar bergan edik.

 

Teglar

Mavzuga oid

Jurnalistlar Bashar Asad va uning generallarini Rossiyadan izlab topishdi | Vaqt.uz