
Kadastr pasportlarini rasmiylashtirish muddatlari uzaytirildi
04.06.2025 | 15:0013033
O‘zbekistonda kadastr pasportlarini berish muddatlari yangi qaror asosida uzaytirildi. Bu haqda Vazirlar Mahkamasi tomonidan qabul qilingan hujjatda bayon etildi.

Qarorda O‘zboshimchalik bilan egallab olingan yer uchastkalari hamda ularda qurilgan binolar va inshootlarga bo‘lgan huquqlarni e’tirof etish to‘g‘risidagi qonun ijrosini ta’minlash maqsadida kadastr xizmatlariga doir ma’muriy reglamentga o‘zgartishlar kiritildi. Unga ko‘ra, kadastr pasportlarini tayyorlash muddatlari ob’ektning turi va o‘lchamiga qarab uzaytirildi.
Xususan, ko‘p qavatli uylardagi kvartiralar uchun kadastr pasporti 5 ish kunida, yakka tartibdagi uylar uchun esa 8 ish kunida tayyorlanadi. Ilgari bu muddat mos ravishda 3 va 5 kun edi.
Yashash uchun mo‘ljallanmagan ko‘chmas mulk ob’ektlari uchun pasport tayyorlash muddatlari umumiy maydonga qarab 8 kundan 35 kungacha etib belgilandi. Shuningdek, ko‘p yillik daraxtlar bor yer uchastkalari uchun muddat 15 ish kunidan 40 ish kunigacha etib belgilandi.
Qarorga muvofiq, Kadastr agentligi ijara yoki mulk huquqini e’tirof etish uchun zarur bo‘lgan elektron xujjatlarni avtomatlashtirilgan axborot tizimiga yuklaydi. Bu yer uchastkasi, bino yoki inshootdan real foydalanish holatiga qarab amalga oshiriladi.
Yangi reglament yerga, binoga va boshqa ko‘chmas mulklarga bo‘lgan huquqlarni rasmiylashtirishda shaffoflik va aniqlikni ta’minlashni ko‘zda tutadi.





