add

Kam ta’minlangan fuqarolarga Konstitutsiyaviy sudda ham bepul advokat beriladi

Kecha 17:401902

Senat moddiy qiyin ahvoldagi fuqarolarga Konstitutsiyaviy sudda ham davlat hisobidan advokat yordamini olish imkonini yaratuvchi qonunni qabul qildi.

Kam ta’minlangan fuqarolarga Konstitutsiyaviy sudda ham bepul advokat beriladi

Senatning 11-yalpi majlisida «Kam ta’minlangan shaxslarga davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatish tizimi yanada takomillashtirilishi munosabati bilan O‘zbekiston Respublikasining ayrim qonun hujjatlariga qo‘shimcha va o‘zgartirishlar kiritish to‘g‘risida»gi Qonun muhokama qilinib, qabul qilindi. Bu haqda Senat matbuot xizmati xabar berdi.

Avval fuqaro jinoyat yoki fuqarolik ishi yuzasidan sudga murojaat qilganda, agar u kam ta’minlangan bo‘lsa, unga davlat hisobidan advokat tayinlanardi. Ammo kimdir Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilgan taqdirda, bu huquq amal qilmas edi. Yangi qonun orqali endi bunday fuqarolarga ham bepul advokat tayinlanishi belgilab qo‘yildi.

Hujjatga ko‘ra, agar fuqaro sudda qo‘llanilgan qonunning Konstitutsiyaga mosligini shubha ostiga olib, Konstitutsiyaviy sudga murojaat etsa, uning iltimosiga binoan davlat hisobidan yuridik yordam ko‘rsatadigan advokat ishtirokini ta’minlash choralari ko‘riladi. Bu norma kam ta’minlangan fuqarolarning huquq va manfaatlarini himoya qilishda amaliy yordam bo‘ladi.

Senatorlar ta’kidlashicha, qonun Konstitutsiyaning 55-moddasida belgilangan «har kim o‘z huquq va erkinliklarini qonun bilan taqiqlanmagan usullarda himoya qilishga haqli» degan qoidani to‘liq amalga oshirishga xizmat qiladi.

Shu orqali fuqarolar o‘z konstitutsiyaviy huquqlari buzilganda, ularni tiklash uchun Konstitutsiyaviy sudga murojaat qilish imkoniyatiga ega bo‘ladi.

Qonunning qabul qilinishi inson huquqlarini himoya qilish tizimini mustahkamlaydi va malakali yuridik yordamdan barcha fuqarolar teng asosda foydalanishini kafolatlaydi.

Teglar

Mavzuga oid