
Kanada Suriyani terrorizmni qo‘llovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqardi
Kanada Suriyani keng ko‘lamli baholashdan so‘ng terrorizmni qo‘llab-quvvatlovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqardi, shu bilan birga «Hay’at Tahrir ash-Shom» ham terrorchi tuzilmalar ro‘yxatidan o‘chirildi.

Kanada Suriyani terrorizmni qo‘llovchi davlatlar ro‘yxatidan chiqardi. «Middle East Monitor» xabariga ko‘ra, Kanada hukumati qarorni «Davlat daxlsizligi to‘g‘risida»gi qonun doirasida qabul qilgan.
Ottava bu chora Suriyaning barqarorlikni ta’minlash, inklyuziv kelajak qurish va xalqaro hamkorlar bilan terrorizmga qarshi hamkorlikni kuchaytirish yo‘lidagi qadamlarini inobatga olgan holda qabul qilinganini qayd etgan. Kanada hali ham «Al-Qoida» va ISHID kabi global tahdidlarga qarshi kurashda o‘z majburiyatlariga sodiq qolishini bildirdi.
«Hay’at Tahrir ash-Shom» Suriyadagi urush davomida Asad kuchlariga qarshi kurashgan eng yirik guruhlardan biri bo‘lgan. Asad rejimi barham topgach, uning rahbari Ahmad ash-Shara mamlakatning o‘tish davri prezidenti sifatida ish boshlagan.
Kanada tashqi ishlar vaziri Anita Anad Suriya hukumati tomonidan so‘nggi bir yilda amalga oshirilgan «tinch siyosiy o‘tish» yo‘lidagi ijobiy qadamlarni olqishladi. Uning ta’kidlashicha, Kanada Suriya xalqiga barqaror va farovon kelajak sari intilishda yordam berishda davom etadi.
Suriya ham ushbu qarorni «ijobiy va konstruktiv rivojlanish» deb baholab, u ikki davlat munosabatlarini yangi bosqichga olib chiqishi va keng qamrovli hamkorlikka yo‘l ochishini ta’kidladi.
Damashq iqtisodiy tiklanish va qayta qurishni qo‘llab-quvvatlovchi xalqaro muloqotga tayyorligini ma’lum qildi.
Kanada Suriyaning 56 tashkiloti va 225 shaxsiga nisbatan sanksiyalarni saqlab qolmoqda, biroq ayrim cheklovlarni yumshatuvchi vaqtinchalik ruxsatnoma 2026 yil 23-fevralgacha amal qiladi.
Ma’lumotlarga ko‘ra, Suriyani qariyb 25 yil boshqargan Asad o‘tgan dekabrda Rossiyaga qochgan va 1963 yildan beri hukmron bo‘lgan «Baas» rejimi tugagan. Yanvarda Ahmad ash-Shara boshchiligida o‘tish davri ma’muriyati tuzilgan.





