
Kanada va AQSH 30 kun ichida yangi bitim tuzmoqchi
17.06.2025 | 14:0046683
Kanada Bosh vaziri Mark Karni va AQSH prezidenti Donald Tramp ikki mamlakat o‘rtasida iqtisodiy va xavfsizlik sohasidagi yangi kelishuvni 30 kun ichida tuzishga kelishib oldi. Bu Tramp bojlari bilan bog‘liq tortishuvlar davomida kutilmagan burilish bo‘ldi.

Kanadaning Kananaskis shahrida o‘tayotgan G7 sammiti doirasida Mark Karni va Donald Tramp o‘rtasida o‘tgan muzokaralar natijasida, ikki davlat o‘rtasida yangi iqtisodiy va xavfsizlik kelishuvi tuzish maqsad qilindi. Karni va Tramp «kelgusi 30 kun mobaynida kelishuvga erishish uchun muzokaralarni davom ettirishga» kelishib olgani rasmiy bayonotda tasdiqlandi.
Mazkur xabar Kanada rasmiylari ikki davlat o‘rtasida hali hal qilinadigan ko‘p masala borligini bildirganidan bir necha soat o‘tib tarqaldi. Karni aprel oyidagi saylovda Trampning boj siyosatiga qarshi chiqish bilan g‘alaba qozongan va yangi iqtisodiy munosabatlar o‘rnatishni va’da qilgan edi.
Tramp esa, o‘z navbatida, tariflarni «asosiy vosita» deb atab, ularni saqlab qolish tarafdori ekanini yana bir bor ta’kidladi. «Men tariflar tarafdoriman. Karni boshqacha fikrda. Qarab ko‘ramiz, oxiriga yetib boramizmi», dedi u jurnalistlarga.
Kanada—AQSHning asosiy eksportchilari qatorida turibdi va Karnining hukumati AQSHning po‘lat, alyuminiy va avtomobil eksportiga qo‘llayotgan bojlariga qarshi muzokaralar olib boryapti. Kanadaning Vashingtondagi elchisi Kirsten Xillmanning ta’kidlashicha, Kanada bu muzokaralarda g‘alaba qozonmasa, o‘z javob choralarini ko‘radi.
Kanada hukumati hozircha Tramp bojlari qisman saqlanishiga rozi bo‘lgani yoki yo‘qligiga aniqlik kiritmagan. Ammo har ikki davlat delegatsiyalari muzokaralarni davom ettirib, ikki tomonlama manfaatli yechim izlamoqda.





