
Kannavaro: «Umid qilamanki, qur’a natijalari biz va butun o‘zbekistonlik muxlislar uchun ma’qul bo‘ladi»
O‘zbekiston terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro JCH–2026 qur’a marosimi oldidan o‘z fikrlarini bildirdi.

O‘zbekiston milliy terma jamoasi bosh murabbiyi Fabio Kannavaro 2026 yilgi Jahon chempionati guruh bosqichiga qur’a tashlash marosimi oldidan jurnalistlar savollariga javob qaytarib, musobaqaga tayyorgarlik borasidagi kutilmalarini ma’lum qildi.
«Albatta, qur’a oldidan hammamiz biroz hayajondamiz. Bizga qaysi jamoalar raqib bo‘lishini kutyapmiz. Hozircha guruhimizga kimlar tushishini aytish qiyin. Umid qilamanki, qur’a natijalari biz uchun ham, butun O‘zbekiston muxlislari uchun ham qulay bo‘ladi», deydi murabbiy.
Eslatib o‘tish joiz, tarixda ilk bor 48 ta terma jamoa ishtirok etadigan Jahon chempionati qur’a tashlash marosimi 5-dekabr kuni Toshkent vaqti bilan soat 22:00 da bo‘lib o‘tadi. O‘zbekiston terma jamoasi ushbu marosimda o‘z guruhini va raqiblarini aniqlab oladi.
Tadbirda O‘zbekiston futbol assotsiatsiyasi rahbariyati, Fabio Kannavaro boshchiligidagi murabbiylar shtabi, shuningdek, FIFA tomonidan taklif etilgan o‘zbek futboli afsonalaridan biri Mirjalol Qosimov ishtirok etadi.





