
«Kapitalbank» Toshkentdagi «Yoshlik» sport majmuasini 23 million dollarga sotib oldi
24.05.2025 | 11:0224653
«Kapitalbank» «Yoshlik» sport majmuasini xususiylashtirish bo‘yicha savdolarda g‘olib chiqdi. Bank 23 million dollar to‘lab, majmuaning faoliyat yo‘nalishini kamida 10 yil davomida saqlash majburiyatini oldi.

O‘zbekiston Davlat aktivlarini boshqarish agentligining ma’lum qilishicha, Toshkentdagi «Yoshlik» sport majmuasining davlat ulushi xususiylashtirildi. Majmuani boshqaruvchi «Invest Group Centre» ustav kapitalidagi davlat ulushini «Kapitalbank» 297,9 mlrd so‘mga, ya’ni taxminan 23 million dollarga sotib oldi.
Bank savdolarda eng yuqori taklifni bergan va shu tariqa g‘olib sifatida tan olingan. Bitimga ko‘ra, «Kapitalbank» to‘lovni bir oy ichida to‘liq amalga oshirishi shart. Shuningdek, sport majmuasining amaldagi faoliyat yo‘nalishi kamida 10 yil davomida saqlanishi belgilangan.
Agentlik xabariga ko‘ra, taklif aktivning baholangan qiymatidan yuqori bo‘lib, Portfolio Investment konsalting kompaniyasi tomonidan hisoblab chiqilgan indikativ narxlar oralig‘ining yuqori qismiga to‘g‘ri keladi. Bu holat davlat aktivining yuqori narxda xususiylashtirilganini ko‘rsatadi.
Shuningdek, xaridorga sport majmuasi hududida yangi binolar qurish taqiqlangan. Faqat rekonstruksiya va ta’mirlash ishlari shaharsozlik kengashi ruxsatisiz amalga oshirilishi mumkin emas.
«Yoshlik» sport majmuasi avval O‘zbekiston Milliy banki tasarrufida bo‘lgan va davlat aktivlarini xususiylashtirish jarayoni doirasida bir necha investorga taqdim etilgan hisobotlar asosida baholangan. Savdolar 2024 yil fevral oyida yakunlangan edi.





