add

Kasbga o‘rgatish bo‘yicha Xitoy tajribasi joriy etiladi: bu borada O‘zbekistonda maxsus agentlik tashkil qilinadi

09.09.2025 | 16:4537244

Prezident Sh.Mirziyoyev yoshlarni ish bilan ta’minlash maqsadida texnikumlar faoliyatini qayta shakllantirish bo‘yicha muhim topshiriqlar berdi.

Kasbga o‘rgatish bo‘yicha Xitoy tajribasi joriy etiladi: bu borada O‘zbekistonda maxsus agentlik tashkil qilinadi
O‘zbekistonda yoshlarni ish bilan ta’minlashning asosiy yo‘li sifatida kasbiy ta’lim tizimi isloh qilinmoqda. Prezident Shavkat Mirziyoyev viloyat va tuman hokimlariga 2026 yilgacha 9-sinf bitiruvchilarining kamida 50 foizini texnikumlarga qamrab olishni topshirdi. 2024 yilda bu ko‘rsatkich 182 ming kishi bo‘lgan bo‘lsa, endi 200 ming o‘quvchigacha oshirilishi kerak. Kasbga o‘rgatish jarayoniga Xitoy tajribasi joriy etiladi. Har bir viloyatda 2 tadan «O‘zbekiston – Xitoy ustaxonasi» tashkil qilinib, texnik loyihalar uchun mutaxassislar tayyorlanadi. Shu maqsadda mamlakatga 100 dan ortiq xitoylik til o‘qituvchilari va volontyorlar taklif qilinadi. Prezident ta’kidlashicha, «mahallada kambag‘al va ishsiz qolmasligi» uchun yoshlarga daromad manbasi yaratish kerak.

«Bizda 450 ming o‘quvchini qabul qila oladigan 598 ta texnikum bor. Bu yoshlar uchun juda katta resurs, sharoit va imkoniyat. Lekin bu yil 9-sinfni 608 ming o‘quvchi bitirgan bo‘lsa, ularni atigi 182 ming nafari texnikumlarga boryapti. Bugundan boshlab bir yil yoshlarni kasb-hunarga o‘rgatish yili bo‘ladi», – dedi prezident.

Mavjud 598 ta texnikum xalqaro standartlar asosida qayta yo‘lga qo‘yiladi. Investorlar ehtiyojidan kelib chiqib, texnikumlarda kadr tayyorlash dasturlari 30 foizgacha o‘zgartiriladi. Dual ta’lim tizimini joriy etgan korxonalarga esa imtiyozli kreditlar ajratiladi. Oliy ta’lim muassasalaridagi qabul kvotalari ham investitsiya loyihalaridagi kadrlarga bo‘lgan talabdan kelib chiqqan holda shakllantiriladi. Bu tizim texnikumlarda ham tatbiq etiladi.Shavkat Mirziyoyevning Xitoyga tashrifi davomida energetika, geologiya, kimyo, transport, qishloq va suv xo‘jaligi sohalaridagi o‘nlab yirik kompaniya rahbarlari bilan 35 milliard dollarlik istiqbolli loyihalar paketi shakllantirildi. Bu loyihalar uchun minglab mutaxassislar kerakligini ta’kidladi. Bularni yagona siyosat asosida muvofiqlashtirish maqsadida Kasbiy ta’lim agentligi tashkil etiladi. Yil oxirigacha yangi agentlik vazirliklar bilan hamkorlikda turli sohalarda talab yuqori bo‘lgan kasblar va standartlar ro‘yxatini shakllantirishi shart qilindi.

Teglar

Mavzuga oid