Logo

Kayfiyat yetishmayapti — Jahon chempionati oldidan

Bugun 21:404 daqiqa

Ertaga, 11-iyun sanasidan AQSH, Kanada va Meksikada 4 yillikning eng nufuzli turnirlaridan biri — Jahon chempionati start oladi. Xo‘sh, O‘zbekiston uchun debyutga aylanadigan mundial oldidan kayfiyat qanday? Shunga biroz to‘xtalamiz.

Kayfiyat yetishmayapti — Jahon chempionati oldidan © Foto: ufa

Tarkibdagi yo‘qotishlar

O‘zbekiston milliy jamoasi turnirga optimal holatda yetib keldi, deya olmaymiz. Yo‘qotishlar talaygina. Mundialga chiqishimizga katta hissa qo‘shganlardan biri — ikkinchi qavatdagi eng yaxshi markaziy himoyachimiz Husniddin Aliqulov xochsimon paylaridan olgan jarohat sabab mundialni o‘tkazib yuborishi avvalroq ma’lum bo‘lgandi. Fabio Kannavaro jamoasi o‘yinlarning aksariyat qismini himoyada o‘tkazishini inobatga olsak, bu — eng katta yo‘qotish.

Aliqulovning o‘ynamasligiga ruhan tayyor turgandik. Ammo jarohati bo‘lsa-da, AQSHga olib ketilgan asosiy tarkib a’zolari — Hojiakbar Alijonov va Jaloliddin Masharipovning o‘rtoqlik bahslarida 1 daqiqa ham o‘ynamagani o‘zbekistonliklarni yanada tashvishlantirayotgani bor gap. Yanada e’tiborlisi, o‘ng qanot himoyasida Alijonovning o‘rinbosari sifatida olib ketilgan Behruz Karimov ham jarohat sabab deyarli 2 oydan beri o‘ynamayapti. Shu bois Kanada (0:2) va Niderlandiya (1:2) bilan o‘rtoqlik bahslarida aslida chap qanot himoyachisi sanalgan Farrux Sayfiyev o‘ngda o‘ynadi va mag‘lubiyatlarda eng ko‘p tanqid qilinganlardan biri bo‘ldi. Bu qanotimiz Luis Dias (Kolumbiya), Nunu Mendesh va Rafael Leau (Portugaliya) kabi jahon darajasidagi futbolchilarga qarshi turib berishi kerakligini inobatga olsak, xavotirlar asosli. Umid qilamizki, ilk o‘yinimizgacha Alijonov va Karimov bilan hammasi joyida bo‘ladi.

Jamoa yetakchilaridan, chap qanot vingeri Jaloliddin Masharipovning holati esa yaxshi emas. U 26 kishilik qaydnomadan chiqarilishi mumkinligi haqida gaplar tarqaldi. O‘FA matbuot xizmatining yozishicha, futbolchining belidagi jarohatlar qayta bezovta qilgan. Masharipovning o‘zi esa instagramda "Sog‘lomman" deya post qoldirdi. Hujumkor yarimhimoyachi tarkibda qoldirilsa ham, uning maydonga tushishi ehtimoli past. Mabodo Jaloliddin qaydnomada qolsa ham, Kannavaro  ta’kidlaganidek, kiyinish xonasida kayfiyatni va bosimni ko‘tarish uchun xizmat qilishi mumkin.

Keraksiz bosim

O‘tkazilgan ikki o‘rtoqlik o‘yinidan so‘ng muxlis-u mutaxassislar orasida jamoaga nisbatan negativlar ko‘payib ketdi. 372 kun avval mundialga chiqishni orzu qilayotgan xalq endi ko‘prog‘ini kutib yubormoqda. Ortiqcha shov-shuvlar, avval futbolga qiziqmaganlarning trenddan qolmay deb birdan "muxlis"ga aylanib qolgani ham sabab bo‘lmoqda.

Qur’a O‘zbekiston uchun omadli kelgani yo‘q. O‘lim guruhlaridan biriga tushdik. Portugaliya — Ronalduning so‘nggi mundialida Jahon chempionligi uchun favoritlardan biri. Jamoaning markaziy yarimhimoyasida Chempionlar Ligasi g‘oliblari Vitiniya va Joau Nevesh, APLda eng ko‘p assistni qayd etib rekordni yangilagan Brunu Fernandesh o‘ynaydi. Kolumbiya — ayni vaqtda Janubiy Amerikada Argentina va Braziliyadan keyingi uchinchi jamoa, FIFA reytingida 13-o‘rindan joy olgan. Tarkibida mavsumni sermahsul o‘tkazgan Luis Dias, mundialllarda top rejimni yoqib oladigan Xames Rodriges va Yevropa ligalarida o‘ynaydigan o‘nlab futbolchilar bor. Ko‘pchilik mensimayotgan va go‘yoki biz yutishimiz shart bo‘lgan Kongo DR esa saralashda Osimhen va Lukmani bor Nigeriyani, Mbeumo va Onanasi bor Kamerunni ortda qoldirgan. Afrikaliklarning tarkibi asosini top-5 ligada, xususan, APL va Liga 1da o‘ynaydigan futbolchilar tashkil qiladi. Qo‘shimchasiga, ilk o‘yin Meksikada Kolumbiyaga qarshi. Mexikodagi stadion Lotin Amerikasi jamoasi muxlislari bilan to‘lib-toshadi. Chunki AQSHga kirishga qiynaladigan kolumbiyaliklar o‘z milliy jamoasini ko‘rib olish uchun yoppasiga Meksikadagi o‘yinga kelishlari shubhasiz.

Insof bilan aytsak, bu guruhdagi har bir ochko va har bir golimiz qadrlidir. Shuning uchun ortiqcha eyforiyaga berilmaslik, pley-offga chiqish shart deya bosim qilish adolatdan emas. Chunki bu yigitlarga ham ta’sir qilyapti. Ularning yurish-turishida, mashg‘ulotlarda ortiqcha jiddiylik hukmron. 35 yil kutilgan orzu ro‘yobini zavq bilan amalga oshirishga qo‘yib berish kerak. Axir bu — festival. Uni bayramdek o‘tkazish kerak. Biz kabi debyutant bo‘lgan Kyurasao mashg‘ulotlarga raqslar bilan, tabassum ila kirib kelmoqda.

Umuman olganda, tanqid qilayotganlarni ham tushunish mumkin. O‘yin o‘z yo‘liga, o‘rtoqlik bahslarigacha jamoaning mundial uchun chiqarilgan libosidan va tarkibdan qoniqmaganlar ham ko‘pchilikni tashkil qildi. Ularning e’tiroziga faqat yaxshi o‘yin yoki natija bilan javob berish mumkin. Bu ham O‘FA va jamoaga bosimni oshirib yuborayotgani shubhasiz. Bunday paytda jismoniy tayyorgarlik bilan birga psixologiya ham asosiy planga chiqadi. Jamoa bunga qanchalik tayyor yoki yo‘qligini ko‘ramiz. Kannavaro aytganidek, yigitlar yo‘qotadigan narsasi yo‘qdek, ortiqcha bosimsiz o‘ynay olsa va ishtiyoq bilan raqiblarga jang taklif qilgani ko‘rinsa, adekvat odamlarda e’tiroz qolmaydi. Noliydiganlar esa doim topiladi. Olg‘a, O‘zbekiston!!!

O‘zbekiston milliy jamoasining JCH-2026 guruh bosqichi uchun taqvimi:

18-iyun, 7:00

O‘zbekiston — Kolumbiya

Meksika, Mexiko.

 

23-iyun, 22:00

Portugaliya — O‘zbekiston

AQSH, Hyuston.

 

28-iyun, 04:30

Kongo DR — O‘zbekiston

AQSH, Atlanta.

 

Ma’lumot uchun, guruhda birinchi va ikkinchi o‘rinni qo‘lga kiritgan jamoalar, shuningdek, eng yaxshi uchinchi pog‘ona egalari pley-offga yo‘llanma oladi.

Teglar

Ilyos Safarov

Ilyos SafarovMaqolalar soni: 94

Barchasi

Mavzuga oid