
Kayya Kallas: Yevroittifoq Rossiyaga qarshi sanksiyalarning 20-paketi ustida ish boshladi
20-paket YIning sanksiya siyosatini yangi darajaga olib chiqishi mumkin. Brusseldagi manbalarga ko‘ra, bu choralar Rossiyaning «xufiyona floti» va neft daromadlarini cheklashga qaratilgan.

Yevropa Ittifoqi Rossiyaga qarshi sanksiyalarning navbatdagi, 20-paketi ustida ish boshladi. Bu haqda juma kuni, 14-noyabrda, YIning tashqi ishlar va xavfsizlik siyosati bo‘yicha yuqori vakili Kayya Kallas Berlinda Germaniya mudofaa vaziri Boris Pistorius va boshqa hamkasblari bilan uchrashuvdan so‘ng ma’lum qildi, deb yozadi DW.
Sanksiyalar haqida nimalar ma’lum?
«Urushda kimning puli yoki askarlari avval tugasa, o‘sha yutqazadi», — dedi Kallas. Uning so‘zlariga ko‘ra, shu sababli «Rossiyaga nisbatan sanksiyaviy bosimni davom ettirishimiz kerak».
Kallas AQSH tomonidan Rossiya neft kompaniyalariga qarshi kiritilgan so‘nggi cheklov choralarini yuqori baholadi.
«Sanksiyalar faqat xalqaro hamkorlar tomonidan qo‘llab-quvvatlangan taqdirdagina samarali ishlaydi», — dedi u. Kallasning bu so‘zlarini dpa agentligi keltirmoqda.
Shu bilan birga, u 20-paket mazmuni bo‘yicha hech qanday qo‘shimcha ma’lumot bermadi.
Yangi cheklovlar nimalarga taalluqli bo‘ladi?
Brusseldagi diplomatlarga ko‘ra, sanksiyalar Rossiyaning ayrim energetika kompaniyalari va «xufiyona flot» deb ataluvchi neft tankerlariga taalluqli bo‘lishi mumkin.
Moskva ushbu flotdan G‘arb davlatlari joriy qilgan neft narxini cheklash siyosatiga qarshi chiqish maqsadida foydalanmoqda. Oddiy hollarda, bu sxemada eskirgan kemalar ishlatiladi va neft yuklarining kelib chiqishini yashirish uchun turli usullar qo‘llaniladi.
YI sanksiyalarining 19-paketi
Yevropa Ittifoqi sanksiyalarning avvalgi — 19-paketini oktabr oyida kuchga kiritgan edi. Bu choralar, xususan, Rossiyaning gaz va neft sotishdan keladigan daromadlarini yanada qisqartirishga qaratilgan.
Rossiyadan suyultirilgan gaz import qilishga to‘liq taqiq 2027 yildan kuchga kiradi — bu reja dastlab rejalashtirilgan muddatdan bir yil ilgariroq amalga oshiriladi.
Shuningdek, sanksiyalar moliyaviy sohani qamrab oladi va Yevropa Ittifoqi hududida rossiyalik diplomatlarning harakatlanish erkinligini cheklash choralarini ham o‘z ichiga oladi.





