add

Kechalari elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar bo‘lishi mumkin — Energetika vazirligi

Bugun 09:553202 daqiqa

Sirdaryo IESda gaz turbinasi rotori almashtirilayotgani sabab mamlakatning ayrim hududlarida qisqa uzilishlar kuzatilishi mumkinligi ma’lum qilindi.

Kechalari elektr ta’minotida qisqa muddatli uzilishlar bo‘lishi mumkin — Energetika vazirligi

Sirdaryo issiqlik elektr stansiyasida 2-sonli gaz turbinasida aniqlangan yirik nosozlik tufayli agregatni to‘liq almashtirish ishlari boshlandi. Energetika vazirligining ma’lum qilishicha, bu jarayon davomida stansiya quvvatlarining bir qismi vaqtincha to‘xtatilib, natijada elektr ta’minotida qisqa muddatli cheklovlar yuzaga kelishi mumkin. Ushbu holat asosan issiqlik iste’moli ortib boradigan 17:00–21:00 oraliqda sezilishi mumkin.

Nosozlikni bartaraf etish maqsadida ishlab chiqaruvchi va investor tomonidan kafolat majburiyatlari doirasida yangi rotor ishlab chiqildi va 8-dekabr kuni Mitsubishi kompaniyasi tomonidan Toshkentga yetkazildi. 114 tonnali agregat tezkor ravishda Sirdaryo IESga olib kelinib, montaj va sinov ishlari boshlab yuborilgan. O‘rnatish va to‘liq ishga tushirish bir oy atrofida davom etishi kutilmoqda.

Stansiya quvvatlarining ma’lum qismi ishdan chiqarilgani sababli zaxira manbalar va yangi quvvat bloklari orqali tarmoqdagi yuklama muvozanatlanmoqda. Shu bilan birga, quyoshsiz ob-havo va kunlar qisqargani tufayli quyosh fotoelektr stansiyalari orqali elektr ishlab chiqarish hajmi kamaygan, bu esa ta’minot-iste’mol balansiga qo‘shimcha bosim yuklamokda.

Vazirlik bildirishicha, zarurat tug‘ilganda iste’molchilar oldindan xabardor qilinadi. Vaqtincha qo‘llanilayotgan choralar elektr tarmoqlarining barqaror ishlashini ta’minlashga qaratilgan.

Sirdaryo IES 1500 MVt quvvatga ega bo‘lib, 2023 yil oxirida ishga tushirilgan, qolgan enegrobloklar esa 2024 yil yozida to‘liq faoliyat boshlagan. ACWA Power ishtirokida amalga oshirilgan loyiha qiymati 1 milliard dollar atrofida baholangan. Loyiha YeTTB, OPEK jamg‘armasi, DEG va boshqa xalqaro institutlar ishtirokida moliyalashtirilgan. ACWA Power stansiyaning investori va operatori hisoblanadi.

Mamlakatning umumiy o‘rnatilgan elektr quvvati 27 GWtni tashkil etishini inobatga olganda, Sirdaryo IESning 1,5 GWt quvvati milliy tizimning 5,5 foizini tashkil etadi. Shu bois stansiyadagi har bir uzilish mamlakat elektr balansida sezilarli ta’sirga ega.

Teglar

Mavzuga oid