
Kelgusi yildan Rossiyada migrantlar uchun rus tili imtihoni faqat onlayn tarzda o‘tkaziladi
11.06.2025 | 09:0029283
Rossiya Federatsiyasi maorif vazirligi 2026 yil 1 yanvardan boshlab migrantlar uchun rus tili imtihonini faqat kompyuter va distansion texnologiyalar orqali o‘tkazishni rejalashtirmoqda.

Rossiya maorif vaziri o‘rinbosari Konstantin Mogilevskiy ning ta’kidlashicha, yangi tizim inson omilini cheklash va sun’iy intellekt yordamida bilimlarni baholash imkonini beradi. Hozirda Tomsk davlat universiteti tomonidan ishlab chiqilgan SI-platforma sinovdan o‘tkazilmoqda va u so‘zlashuv qismi bo‘yicha 87 foizli aniqlikka erishgan.
Shu bilan birga, imtihonning og‘zaki qismini joriy etish masalasi ham muhokama qilinmoqda. Ushbu tashabbus rus tili bilimini aniqroq va xolis baholashga xizmat qilishi kutilmoqda.
3 iyun kuni Davlat Dumasi raisi Vyacheslav Volodin vazirlikni oliy ta’lim muassasalaridagi rus tili imtihonlari bo‘yicha holatni tekshirishga chaqirdi. Uning so‘zlariga ko‘ra, ayrim universitetlar va ularning tuzilmalari noqonuniy migratsiyani rag‘batlantirishda ishtirok etgan bo‘lishi mumkin.
Volodin ta’lim muassasalarining ayrim rahbarlari tomonidan tashkil etilgan sxemalarni tanqid qilar ekan, bunday holatlar yana takrorlanmasligi uchun huquqiy va ma’muriy choralar ko‘rishni talab qildi.
Yangi raqamlashtirish choralari nafaqat shaffoflikni oshirish, balki imtihon jarayonidagi soxtakorlik holatlarini oldini olishga ham qaratilgan. Bu, ayniqsa, mamlakatdagi demografik va mehnat siyosati nuqtayi nazaridan muhim qadam sifatida baholanmoqda.
SEO title:
Meta description:





